Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
18:57 / 2022-01-12

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, bir qator vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ISO 37001:2016 xalqaro standartiga asosan korrupsiyaga qarshi menejment tizimi joriy etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi.

Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholash mexanizmlari mavjud emasligi sohada amalga oshirilayotgan tadbirlarga yagona mezon asosida xolisona baho berish va ularning natijadorligini yanada oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga oid samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash va ularni ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida:

1. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura va Adliya vazirligining davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarida (keyingi o‘rinlarda — davlat tashkilotlari) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Belgilansinki, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash (keyingi o‘rinlarda — reyting baholash) quyidagi beshta yo‘nalish bo‘yicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:

davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi hamda amaliyotga tatbiq etilganligi;

korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;

davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;

xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarining samaradorligi.

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

2022 yil 1 fevraldan boshlab reyting baholash tizimi, eksperiment tariqasida, 1-ilovada ko‘rsatilgan va o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan davlat tashkilotlari faoliyatiga;

2022 yil 1 iyuldan boshlab eksperiment natijalarini inobatga olgan holda reyting baholash tizimi barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash (T. Narbayeva) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda eksperiment natijalarini chuqur tahlil qilish va muhokama qilish hamda reyting baholash tizimining samarali va to‘liq joriy etilishini ta’minlash bo‘yicha choralarni ko‘rsin.

3. Belgilansinki:

reyting baholash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan «E-Anticor.uz» elektron platformasi (keyingi o‘rinlarda — elektron platforma) orqali tashkil etiladi;

korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi «yaxshi», «qoniqarli» va «qoniqarsiz» toifalarga ajratiladi;

reyting baholash natijalari elektron platformada hisoblab chiqiladi va har yili 1 martga qadar keng jamoatchilik uchun ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib boriladi;

har yili oldingi yilning 1 yanvaridan baholanish o‘tkazilayotgan yilning 1 yanvariga qadar bo‘lgan davr reyting baholash tizimi bilan qamrab olinadi;

reyting baholash natijalarining xolisligini tekshirish maqsadida kamida 30 foizi fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantiriladi.

4. Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash (T. Narbayeva) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) bilan birgalikda reyting baholash yakunlariga ko‘ra quyidagi choralarni ko‘rsin:

«yaxshi» deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish;

«qoniqarli» deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritish va ularni amalga oshirishda ko‘maklashish;

«qoniqarsiz» deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishini ta’minlab, uning ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlarini har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishlarida eshitish.

5. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda:

ikki oy muddatda elektron platforma orqali zarur hujjatlarni onlayn rejimida olish va reyting baholash natijalarini hisoblash imkonini yaratgan holda, uning to‘liq ishga tushirilishini ta’minlasin;

eksperiment yakuniga ko‘ra elektron platformani takomillashtirish va modernizatsiya qilish hamda uning samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlash choralarini ko‘rib borsin.

Belgilab qo‘yilsinki, elektron platformani takomillashtirish va modernizatsiya qilish, uni texnik va dasturiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar har yili Agentlikka Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

6. Agentlik (A. Burxanov) xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda:

ikki oy muddatda Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi tarkibini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etishning tartibi ishlab chiqilib, tasdiqlanishini ta’minlasin;

uch oy muddatda reyting baholash, elektron platformadan foydalanish tartibi bo‘yicha qo‘llanmalarni tayyorlasin, shuningdek, davlat tashkilotlari xodimlari uchun reyting baholash, shu jumladan elektron platformadan foydalanish tartibini tushuntirish bo‘yicha muntazam ravishda seminarlarni tashkil etib borsin;

2022 yil 1 iyulga qadar har bir indikator bo‘yicha ko‘rsatkichlarni tahlil qilish usullari va aniq mezonlarini belgilovchi reyting baholash uslubiyotini tasdiqlasin;

muntazam ravishda davlat tashkilotlariga korrupsiyaga qarshi kurashishga oid tegishli ichki idoraviy hujjatlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatib borsin.

7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A. Ko‘chimov) mazkur qaror hamda reyting baholash natijalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Agentlik direktori A.E. Burxanov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashi raisi T.K. Narbayeva va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh. MIRZIYOEV

 

Toshkent sh.,

2022 yil 12 yanvar,

PQ-81-son