Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi – «O‘zagroinspeksiya” tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash davlat siyosatida belgilangan ustuvor vazifalardan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda huquqiy asoslarni mustahkamlash, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda raqamli yechimlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda inspeksiya tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishni tartibga soluvchi me’yoriy-tashkiliy baza shakllantirilib, sohada ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan kompleks choralar ko‘rilmoqda. Xususan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda xodimlarda halollik va mas’uliyat madaniyatini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” boshlig‘ining o‘rinbosari Valijon Hasanov bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi:
– Hozir biz tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishni tartibga soluvchi 12 ta ichki hujjatni ishlab chiqdik va ularning ijrosini doimiy nazoratda olib bormoqdamiz. Shuningdek, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun asosida Namunaviy idoraviy dastur qabul qilindi. Ushbu dastur doirasida 1 012 nafar xodim deklaratsiyasini topshirdi. Tahlillar natijasida 63 nafar xodimda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanib, ular to‘liq bartaraf etildi.
Bizning maqsadimiz korrupsiyaga nisbatan barqaror va shaffof muhit yaratish. Shu bois onlayn xabar berish tizimini joriy qildik. Hozir 4 ta aloqa kanali 24 soat faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, 1 500 dan ortiq buklet va infografik materiallar tayyorlab, xodimlarga tarqatdik. Umumiy targ‘ibot tadbirlarini ham muntazam o‘tkazib kelmoqdamiz.
Korrupsiyaga qarshi bilim va ko‘nikmalarni oshirish maqsadida 25 ta o‘quv-trening hamda 45 ta profilaktika tadbiri tashkil qilindi. Shuningdek, 750 nafar xodim ishtirokida anonim so‘rovnomalar o‘tkazib, tizimdagi xavf-xatarlar tahlil qilindi.
Yangi ishga qabul qilingan va korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan 146 nafar xodim “Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya” orqali ta’lim oldi. Bizning asosiy vazifamiz – profilaktika, ta’lim va shaffoflik. Shu bois ishga qabul qilishda nomzodlarning korrupsion xavfini baholash tizimi joriy etildi va hisobot davrida 745 nafar nomzod tekshirib chiqildi.
Shuningdek, xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus bandlar kiritilmoqda. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura tomonidan belgilangan “Korrupsiyadan xoli muhit” yaratish chora-tadbirlari ham izchil amalga oshirilmoqda.
Hozir tizimda 11 turdagi xizmat raqamlashtirilgan holda amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, “Korrupsiyaga qarshi daxlsizlikni mustahkamlash” va “Korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratish” mavzusida o‘quv-seminarlar ham davom etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA