Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning burchidir!
12:54 / 2023-12-26

Korrupsiya keltiradigan zarar siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional mexanizmi, tashkiliy-huquqiy asoslari va milliy tajriba qay darajada shakllandi? 

Shular xususida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Anvarjon Mirkomilovning fikrlariga qiziqdik.

– Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Joriy yilning 19 dekabr kuni mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish yuksak mukofotini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, oliy martabali mehmonlar, 40 dan ziyod mamlakat delegatsiyalari, ushbu xalqaro mukofot sovrindorlari shu jumladan, mahalliy, xorijiy olim va ekspertlar qatnashdi.

“Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monument bunyod etilishi, ushbu illatga qarshi kurashish davlatimiz siyosatining doimiy ustuvor vazifalardan biri ekanligini namoyon qiladi. Mazkur kafti ochiq qo‘l ko‘rinishida metalldan ishlangan ushbu o‘n ikki metrlik kompozitsiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi.

Xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlariga ko‘ra, korrupsiyaning global jamiyat uchun ziyoni yiliga 2,6 trillion AQSH dollarini tashkil qiladi. Tahlillarga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab taxminan 1 trillion AQSH dollari miqdorida pora beriladi. Korrupsiyaning YAIMdagi ulushi 5 foizdan ziyodni tashkil qiladi. Shuningdek, jahonda har yili korrupsiya sabab davlat xaridlari fondlarining 25 foizi yo‘qotilishi aniqlangan. 

Rivojlanayotgan mamlakatlarning o‘g‘irlangan aktivlar ortidan ko‘rayotgan zarari yiliga 20-40 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi. Korrupsiyalashgan davlatga investitsiya kiritish korrupsiyalashmagan davlatga nisbatan 20 foizga qimmatroq tushishi ehtimoli mavjud. Bu raqamlarning o‘zi ushbu illatga qarshi kurashishning nechog‘lik dolzarb ekanligini isbotlab turibdi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish yuksak mukofoti joriy qilinishining maqsadi nafaqat, korrupsiyaga qarshi eng samarali, e’tiborga molik harakat va ilg‘or amaliyotni tanishtirish, balki butun dunyo bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurash modellarini tan olish, targ‘ib qilish va unga qarshi birdamlikni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.

Qayd etish lozimki, mazkur mukofot Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad al Soniy homiyligida qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash markazi tomonidan BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi va topshiriladi.

Ushbu mukofot bilan 2016 yildan buyon har yili global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashga qo‘shgan hissasining e’tirofi sifatida taniqli jamoat arboblari, ekspertlar va jurnalistlar taqdirlab kelinmoqda.

Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish yuksak mukofoti ilk marotaba 2016 yil dekabrda 38 nafar g‘olibga topshirilgan.

Mukofot 5 yo‘nalishda: 

  • Korrupsiyaga qarshi kurashishdagi yutuqlari va uzoq yillik faoliyati;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida ta’lim va akademik tadqiqotlar;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid yoshlar tashabbuslari va daxldorligi;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid innovatsiyalar va jurnalistik materiallar;
  • Sportni korrupsiyadan xoli qilish uchun topshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish yuksak mukofoti 2016 yil Avstriyaning Vena shahrida, 2017 yil Shveysariyaning Jeneva shahrida, 2018 yil Malayziyaning Putrajayya shahrida, 2019 yili Ruandaning Kigali shahrida, 2020 yil Tunisning Tunis shahrida, 2022 yil Qatarning Doha shahrida o‘tkazilgan. Joriy yil esa ushbu nufuzli tadbirga mezbonlik qilish uchun Toshkent shahri tanlanishi davlatimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yuksak e’tirofi, desak, aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Mazkur nufuzli tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab korrupsiyaga qarshi kurashish sohada qator muhim tashabbuslarni ilgari surgani ushbu yo‘nalishda ortga qaytmas islohotlarning davomiy ekanligini yana bir bor isbotladi.

Davlat rahbari avvalo, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq etish fikrini ilgari surdi. Bunda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi lozimligini ta’kidladi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish 2030 milliy strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun xizmat qilishiga ishonchimiz komil.

Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha muhim tashabbus ilgari surildi. Darhaqiqat, ushbu taklifning ilgari surilishi tadqiqotchi, tahlilchi-ekspertlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashishning nazariy, ilmiy-fundamental asoslari va mintaqaviy xususiyatlarini inobatga olgan holda tadqiq etish imkonini beruvchi markaz bo‘lishi shubhasiz. Shu bilan birga, unga fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, aql markazlarini jalb etilishi, o‘zaro tajriba almashish va muloqot maydoni vazifasini bajaradi.

Navbatdagi muhim tashabbus, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligini kuchaytirish, uning salohiyat va imkoniyatlarini yanada oshirishdan iboratdir. Korrupsiya holatlari bo‘yicha “dastlabki o‘rganish” – korrupsion surishtiruv institutini joriy etish taklifi eng ilg‘or xalqaro tajriba va mexanizmlarni tatbiq qilish uchun yangi qadamlardan biri bo‘ladi.

Keyingi tashabbus esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini O‘zbekistonda keng joriy etish fikri bo‘ldi. Ushbu taklif yoshlarda korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasizlik madaniyatini shakllantirish, korrupsiyadan xoli jamiyat qurish yo‘lida samarali targ‘ibot ishlarini davom etish uchun xizmat qiladi. 

Shuningdek, navbatdagi tashabbus sifatida mamlakatimizda Global media forumni o‘tkazish taklifi bildirildi. Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ishtiroki beqiyos hisoblanadi. Mazkur forumning tashkil etilishi ommaviy axborot vositalarining yetakchi xorijiy tajriba bilan yaqindan tanishish, zamonaviy mexanizmlarni o‘rganish, fikr almashish uchun qulay muloqot maydoni bo‘lishi shubhasiz.

Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasida davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan muhim hujjatlar —“O‘zbekiston-2030” strategiyasi va har yilgi davlat dasturlarida ham katta reja va vazifa sifatida aks etadi. 

Xususan, “O‘zbekiston-2030” strategiyasining 89-maqsadi Korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish hisoblanadi.

Unda “Transparency International” xalqaro tashkiloti tomonidan e’lon qilinadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida kamida 50 pog‘onaga ko‘tarilishga, Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish holatlarini 2 barobarga kamaytirishga erishish maqsad qilingan.

Shuningdek, Davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshirishda mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari, tovar va xizmatlarning narxi bozor qiymatidan oshib ketishining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini to‘laqonli joriy qilish, 100 foiz normativ-huquqiy hujjatlarning “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilishini ta’minlash vazifalari qayd etilgan.

Muxtasar aytganda, Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish yuksak mukofotining tantanali topshirish marosimida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan tashabbuslar ushbu illatga qarshi kurashish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirishga, mintaqaviy va global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurash uchun xizmat qilishiga ishonchimiz komil.

Shu bilan birga, mazkur mukofotni topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimning Toshkentda o‘tkazilishi O‘zbekiston Prezidentining siyosiy irodasi bilan korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilganining yorqin dalili hisoblanadi.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA