Guliston shahridagi Prezident maktabida huquq- tartibot xodimlari tomonidan "Korrupsiyaning oldini olish choralari" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudi sudyalari Xislatjon Qo‘qonboyev, Shomurod Begmatov davra suhbati ishtirokchilariga hozirgi kunda respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berib, sudyalik kasbining mashaqqatlari haqida so‘z yuritdi.

– Halollik jamiyat rivojining asosiy mezonidir, – dedi Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudi sudyasi Xislatjon Qo‘qonboyev. – Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan, sud tizimida halollik adolatni ta’minlashning asosiy omili hisoblanadi. Sudyaning qarori nafaqat jinoyat yoki huquqbuzarlik qilgan bir insonning, balki uning ortida turgan oila a’zolari, yaqinlari hayotini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin. Shu bois, har bir ota-ona farzandi necha yoshda bo‘lmasin, ularni tergab turishi, duo qilib, hamisha halol bo‘lishga da’vat etishi lozim, deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, Sirdaryo viloyat sudlarida faoliyat olib borayotgan har bir sudya va xodim kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya qilgan holda o‘z vazifasini sidqidildan ado etishi, mazkur jarayonda ta’magirlik, korrupsiya kabi illatlarga qo‘l urmasligi lozimligi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri