Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashish butun jamoaning ishidir
18:27 / 2025-11-17

Oliy ta’lim –ilm-fan va insoniy qadriyatlar maskani bo‘lib, u yerdagi har qanday noqonuniy munosabat yoki manfaatdorlik jamiyat ongida adolatga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi. Agar talaba bilim bilan emas, xufyona “yo‘l” bilan bahoga erishsa, agar o‘qituvchi xizmatni vijdonan emas, manfaat asosida bajarsa – bu holat nafaqat ta’limning, balki butun jamiyatning ma’naviy poydevoriga putur yetkazadi.

2025-2026 o‘quv yilida Qo‘qon davlat universiteti Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tomonidan oliy ta’lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi rejalashtirilgan bo‘lib, belgilangan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan akademik va maishiy korrupsiyaning oldini olish, o‘quv jarayoni, talabalarga xizmat ko‘rsatish, akademik faoliyatni tashkil etish hamda ta’lim jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, tizimda byurokratik to‘siqlarni yuzaga keltirmaslik, tahliliy ma’lumotlarni shakllantirish, shuningdek, qaror qabul qilish jarayonini optimallashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025 yil 24 fevraldagi buyrug‘i asosida universitetimizda “Registrator ofisi” tarkibiy tuzilmasi tashkil etildi.

2024-2025 o‘quv yili bitiruvchilarining bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash va himoya qilish jarayonlari, davlat attestatsiya komissiyasi test jarayonlari, kurs ishlarini tayyorlash, oraliq va yakuniy nazoratda korrupsiyaviy omillarning oldini olish maqsadida har bir komissiya tarkibiga Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi xodimlari kiritildi. Barcha jarayonlarni internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida to‘liq onlayn translatsiya qilish tizimi joriy etildi.

2025-2026 o‘quv yili qabuli uchun o‘tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlar va talabalar o‘qishini ko‘chirish, tiklashni qonuniylik, adolat va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilishini ta’minlash maqsadida “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi barcha bosqichlarning me’yoriy hujjatlar va belgilangan tartiblarga muvofiq o‘tishini ta’minladi. Buning natijasida talabgor abituriyentlar orasida sog‘lom raqobat muhiti va teng imkoniyat yaratildi. Imtihon jarayonida oshkoralikka qat’iy rioya qilinib, kuzatuv va nazorat mexanizmlari orqali korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yilmadi.

“Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i M.Mahmudov boshchiligida vakant lavozimlarga professor-o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilishdagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish uchun tuzilgan tanlov komissiyasi tomonidan “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom” bo‘yicha amaliy tadbirlar tashkil etilishi natijasida ariza topshirgan 72 nafar nomzod o‘rganildi va ularning 37 nafari tanlovdan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yaratilgan tizim orqali professor-o‘qituvchilarning nafaqat bilim berish darajasi va pedagogik mahorati sinaldi, balki tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik va korrupsiyaning boshqa ko‘rinishlariga yo‘l qo‘yilmadi.

2025-2026 o‘quv yili davomida bo‘lim tomonidan “Korrupsiyasiz soha” loyihasi ijrosini ta’minlashda universitetning professor-o‘qituv-chilari va talabalar o‘rtasida korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish maqsadida “Korrupsiyasiz ta’lim – yorug‘ kelajak kafolati!”, “Ta’limda adolat – jamiyatda taraqqiyot”, “Korrupsiyani emas, bilimni tanla!”, “Halollik yoshlarning hamrohi – rivojlanish mezoni” kabi mavzularda uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilib, 4977 nafar talaba, 743 nafar professor-o‘qituvchi va ishchi-xodim qamrab olindi.

Hozirgi kunda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi vakillari tomonidan oliy o‘quv yurti ichki mehnat tartibi qoidalari, odob-axloq kodeksining mazmun-mohiyatidan kelib chiqib professor-o‘qituvchilarga ish jarayonida manfaatlar to‘qnashuvi, poraxo‘rlik, ta’magirlik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat vazifasiga mas’uliyat bilan yondashish, talabalarni oraliq, yakuniy baholash jarayonlarida adolatli bo‘lish lozimligi, vakolat doirasidan chetga chiqish belgilangan tartibda choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishi yuzasidan tushuntirishlar olib borilmoqda.

Korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, uning kelib chiqish sabablarini erta aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan eng muhim ishlardan biri – inson omili bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarning raqamlashtirilgani bo‘ldi. Jumladan, vazirlik tomonidan ishga tushirilgan HEMIS, diplom.edu.uz, vakansu.edu.uz kabi axborot tizimlari universitet faoliyatiga keng tatbiq etildi. QR-kodli diplomlar va kasallik varaqalari, ijara to‘lovlarini qoplash mexanizmi, onlayn shartnoma tuzish, stipendiya va kontrakt haqidagi ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirildi.  

Shuningdek, “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tashabbusi bilan mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib yangi platforma – “edo departmant” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu platforma ishga tushirilishi natijasida masofadan turib o‘quv rejani shakllantirish, yo‘nalishlar bo‘yicha darslarni taqsimot qilish, shaxsiy ish rejalarni yaratish imkoniyati taqdim etildi.  

Platformaning yana bir qulay tomoni har bir fakultet dekani, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar me’yoriy hujjatlarni elektron kalitlar orqali tasdiqlaydi. Eng asosiysi, tizimda eskilik sarqitiga aylangan dars soatlarini professor- o‘qituvchilarga turli xil moddiy manfaatdorlik evaziga berishiga chek qo‘yildi.

“Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi HEMIS axborot tizimida talabalarning dars mashg‘ulotlarida, mustaqil ta’lim, oraliq nazorat va yakuniy nazorat ishlaridan olgan baholarining o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida monitoring ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Shu bilan birga, universitet ehtiyojlari uchun davlat byudjeti, byudjetdan tashqari ajratilgan pul mablag‘larining maqsadli sarflanishini hamda noqonuniy xarajatlar va moliyaviy qonunbuzarlik holatlarining oldini olish bo‘yicha doimiy nazorat yo‘lga qo‘yildi.  

Xarid jarayonlarini har qanday korrupsiyaning ko‘rinishlaridan xoli qilish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tashabbusi bilan universitetning yangi xarid komissiyasi tuzildi. Bo‘lim tomonidan amalga oshirilayotgan barcha moliyaviy operatsiyalar kuzatuvini amalga oshirish maqsadida UZASBO tizimining monitoring rejimiga kalit olindi, kelgusida davlat byudjetining talon-taroj qilinishi va byudjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishining oldini olish choralari ko‘rildi.

Oliy ta’lim tizimida korrupsiyani yo‘qotish  rahbarlar yoki idoraning ishi emas, balki butun jamoa zimmasidagi mas’uliyatdir. Biz, pedagoglar o‘z faoliyatimizda adolat va halollikni ustuvor qadriyat sifatida qabul qilmasak, ta’limda haqiqiy sifat va natija bo‘lmaydi. Shu bois, universitetimizda har bir baholash, qabul va tanlov jarayonida shaffoflik va poklikni ta’minlashni bosh vazifa qilib olganmiz. 

Dilnozaxon XO‘JAEVA,

Qo‘qon davlat universiteti rektori.

O‘zA