Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi sayyor yig‘ilishi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida o‘tkazilgan majlisda Milliy va hududiy kengashlar a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Samarqand viloyat hokimi, xalq deputatlari Samarqand viloyati hamda tuman (shahar) Kengashlari deputatlari, Yoshlar parlamenti a’zolari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Samarqand viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, hududda iqtisodiy faollik, qurilish, tadbirkorlik va xizmatlar sohasi jadal rivojlanib borayotgani bilan birga, ushbu jarayonlarda korrupsion xavf omillarini barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish dolzarb vazifa hisoblanadi. So‘zga chiqqanlar korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli, ochiq va raqamlashtirilgan boshqaruv mexanizmlarini keng joriy etish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi hududlarda so‘zsiz ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi. Uyushgan jinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda samarali profilaktika tizimini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Kriminogen vaziyat tahliliga ko‘ra, viloyatda firibgarlik, o‘g‘rilik va kiberjinoyatlar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar saqlanib qolayotgani tanqid qilindi. Shuning uchun profilaktika inspektorlari faoliyatini kuchaytirish, mahallalarda manzilli ishlarni tashkil qilish, bandlikni ta’minlash hamda raqamli xavfsizlik bo‘yicha targ‘ibotni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘rganishlar natijalari ko‘rsatganidek, so‘nggi paytda viloyatda korrupsiyaviy jinoyatlar asosan energetika, qurilish, bandlik, sog‘liqni saqlash hamda bank sohalarida uchramoqda. Xususan, energetika tizimida noqonuniy ulanishlar, hisob-kitoblarda inson omilining yuqoriligi va nazorat jarayonlarining yetarli darajada raqamlashtirilmagani mavjud muammolar sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada soha mas’ullaridan izoh so‘raldi.
Shuningdek, qurilish va yer munosabatlari sohalarida ruxsatnoma berish jarayonlarining murakkabligi, shaffoflik yetarli darajada emasligi, noqonuniy qurilishlar hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan. Bundan tashqari, bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida imtiyozli kreditlar ajratish jarayonlarida ayrim suiiste’mol holatlari mavjud va nazorat yetarli darajada tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda A.Boboyev hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash raisi Sh.Negmatov so‘zga chiqib, viloyatda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, erishilayotgan natijalar va mavjud muammolar haqida atroflicha to‘xtaldi. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ish samaradorligini yanada oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Muhokamalar yakunida sohalar kesimida aniq chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari va ijro muddatlari belgilangan qaror qabul qilindi.
Mutasaddilarga energetika va qurilish tarmoqlarida jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, davlat xizmatlarida inson omilini kamaytirish, komplayens-nazoratni kuchaytirish, shuningdek, kreditlash tizimida shaffof hamda avtomatlashtirilgan tartiblarni joriy etish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.


G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri