Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurashilmoqda
15:13 / 2025-02-18

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, barcha davlat organlari va tashkilotlari qatorida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati hamda uning tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmalari tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

O‘tgan davr mobaynida “Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Jamiyatning manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati”, “Axloq kodeksi” kabi 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar qabul qilingan.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida batafsil ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanishicha, har yilning boshida Jamiyatning yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha yillik “Yo‘l xarita”si tasdiqlanib, ijrosi ta’minlanib kelinmoqda.

Birgina o‘tgan 2024 yilda “O‘zsuvta’minot”AJning tizim tashkilotlarida 55 ta manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlanib, ularning barchasi belgilangan tartibda bartaraf etildi.

Qayd etilishicha, jamiyatda korrupsiyaviy holatlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda fuqarolar murojaatlari bilan tezkor va sifatli ishlash maqsadida 4 ta aloqa vositasi yo‘lga qo‘yilgan. Bular Jamiyatning (+99855-503-10-55 raqamli) “Ishonch telefoni”, (anticor@uzsuv.uz) onlayn murojaatlar uchun elektron pochta, (@UzsuvAnticorruptionBot) “Telegram” bot ilova hamda Jamiyatning (uzsuv.uz) rasmiy sayti hisoblanadi.

Sohada korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xalqaro “CERT INTERNATIONAL” tashkiloti tomonidan auditdan o‘tkazilgan. Jamiyat ijro organiga 3 yil avval berilgan sertifikat yangilangan hamda 9 ta tizim tashkilotiga ilk bor korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi ISO-37001 hamda sifat menejmenti ISO-9001 xalqaro standart talablariga muvofiqligi tasdiqlanib, sertifikatlar topshirilgan.  

– O‘tgan davrda amalga oshirilgan ijobiy ishlarga qaramasdan hali ham sohada ko‘plab korrupsion holatlar uchramoqda, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. – Masalan, o‘tgan 2024 yil davomida komplayens nazorati xodimlari tomonidan joylarda 555 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan bo‘lib, ularda qariyb 214 milliard so‘mlik xato va kamchilik aniqlangan.

Shu bilan birga 238 ta holat bo‘yicha 15 milliard 310 million so‘mlik xato va kamchiliklarning oldi olingan. 2024 yilda “O‘zsuvta’minot” AJ tizim tashkilotlarida komplayens xodimlari ishtirokida 88 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lib, natijasi bo‘yicha xodimlarning 33 nafariga “hayfsan”,  

14 nafariga “ish haqidan jarima” jazosi qo‘llangan.  

19 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 19 ta holat bo‘yicha to‘plangan xizmat tekshiruvi hujjatlari joylardagi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.  

Bundan tashqari, joylarda tashkil etilgan reydlarda iste’molchilar tomonidan ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga 824 ta noqonuniy ulanish natijasida tashkilot manfaatlariga 43 milliard 107 million so‘mlik mablag‘lar daromad sifatida kelib tushmagani bo‘yicha dalolatnomalar tuzilgan.

Nazorat tadbirlarida aniqlangan xato va kamchiliklar bo‘yicha 6 milliard 800 million so‘mlik mablag‘lar va tovar moddiy-boyliklari Jamiyat hamda uning tizim tashkilotlari hisob raqamlariga undirilgan. Yana 2 milliard so‘mga yaqin tizim mablag‘i sud jarayonida bo‘lgani sababli depozit raqamlarda saqlanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zlashtirish va talon-toroj bo‘yicha 60 milliard 858 million so‘mlik 193 ta hujjat huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish uchun joylardagi huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.  

Brifing yakunida sohani raqamlashtirish va  shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, aholiga tizimli hamda halol xizmat ko‘rsatish maqsadida “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi tomonidan barcha chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirilayotgani qayd etildi.  

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri