Korrupsiya – davlat va jamiyat taraqqiyotiga eng jiddiy tahdidlardan biri. U faqat iqtisodiy yo‘qotishlar emas, balki xalqning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi. Shu bois, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirib kelinmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda davlat boshqaruvi va jamiyat hayotida shaffoflikni ta’minlash, fuqarolik nazoratini kuchaytirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi muhim qadam sifatida Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Qarorning muhim jihati korrupsiyaga qarshi kurashda davlatning yagona o‘zi emas, balki fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, yoshlar va ilmiy jamoalar hamkorlikda ishtirok etishidir. Bu bir tomondan davlat idoralari hisobdorligini oshirsa, ikkinchi tomondan jamoatchilikda halollik madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Qarorda korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki kengaytirilib, xalqaro me’yorlar ijrosini ta’minlash, NNTlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy buyurtmalar asosida loyihalarni moliyalashtirish, shuningdek, jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali maishiy va tizimli korrupsiya sabablarini tahlil qilish kabi vazifalar belgilandi.
Qaror doirasida har yili korrupsiyaga qarshi yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari loyihalariga 10 milliard so‘mgacha grant mablag‘lari ajratilishi belgilangan. Shu bilan birga, ijtimoiy buyurtmalar asosida NNTlar ishlab chiqqan loyihalar davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Buning uchun mablag‘lar Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etadigan reyting baholash natijasida “qoniqarsiz” deb topilgan davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan yo‘naltiriladi.
Ushbu mexanizm ikki jihatdan ahamiyatlidir: avvalambor, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi tashabbuslarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Ikkinchidan, davlat organlari va tashkilotlarini o‘z ishini samarali tashkil etishga, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga undaydi. Chunki, reyting baholashda past ko‘rsatkich qayd etilgan idoralar o‘z mablag‘larini NNTlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiradi. Bu esa o‘z navbatida, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlaridan biri sifatida xizmat qiladi.
Ilmiy-amaliy yondashuvni kuchaytirish maqsadida esa O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” harakati va “Ijtimoiy fikr” markazi muassisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha Mintaqaviy tadqiqot markazi tashkil etiladi.
Markazning asosiy yo‘nalishlari – maishiy va tizimli korrupsiya holatlarini chuqur tahlil qilish, ularni keltirib chiqarayotgan sabablarni o‘rganish, davlat organlariga amaliy tavsiyalar tayyorlash, xalqaro va mahalliy ekspertlar bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va boshqa xalqaro kelishuvlar talablarining ijrosini o‘rganishdan iborat. Bu vazifalar, avvalo, korrupsiyaga qarshi jamoatchilikda murosasizlikni mustahkamlashga, davlat idoralarining hisobdorligi va shaffofligini ta’minlashga, ilg‘or xalqaro tajribalarni yurtimiz sharoitiga tatbiq etishga zamin yaratadi.
Shu bilan birga, qarorga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi NNTlar bilan uzviy hamkorlikda ish olib boradi. Bu doirada salohiyatni oshirish dasturlari va treninglar tashkil etiladi, har yili milliy kengashga NNTlar faoliyati hamda ularning davlat organlari bilan hamkorlik shakllari to‘g‘risida axborot taqdim qilinadi.
Fuqarolik jamiyati institutlari esa jamoatchilik nazorati orqali davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlaydi. Masalan, jamoatchilik eshituvlari, ochiq ma’lumotlar bazalari, onlayn monitoring platformalari va fuqarolar ishtirokidagi ekspertiza tizimlari keng joriy etiladi.
Xalqaro tajribalarga nazar solsak, korrupsiyaga qarshi kurashda davlat-jamoatchilik hamkorligi eng samarali yo‘l ekanini ko‘ramiz.
Masalan, Finlyandiyada jamoatchilik ishtirokisiz biror davlat xaridi amalga oshmaydi. Janubiy Koreyada universitetlar korrupsiya xavfini baholash tizimlarini ishlab chiqqan. AQSHda esa NNTlar ochiq ma’lumotlardan foydalanib tahliliy hisobotlar tayyorlaydi va siyosiy qarorlar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi.
O‘zbekistonda ham ana shunday ilg‘or tajribalar mahalliy sharoitga moslashtirilmoqda. Mazkur qaror esa bu yo‘lda qudratli huquqiy asos vazifasini bajaradi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qaror korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamjihatlikni ta’minlaydigan yangi model sifatida tarixga kirmoqda. Bu hujjat faqat huquqiy asos emas, balki xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigini mustahkamlaydigan, halollik va adolatni hayot me’yoriga aylantiradigan strategik dasturdir.
Endilikda korrupsiyaga qarshi kurash – umumxalq harakati. Unda har bir fuqaro o‘z o‘rniga ega, har bir tashabbus esa yurt kelajagiga xizmat qiladi.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA