Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida, Aksilkorrupsiya oyligi munosabati bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilikning roli” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Navoiy viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash a’zolari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Toshkent davlat yuridik universitetining “Davlat va huquq nazariyasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi, yuridik fanlar falsafa doktori Dilafro‘z Sufiyeva hamda media ekspert, jurnalist va pedagog, Media tadqiqotlar instituti rahbari Beruniy Alimovlar tomonidan mavzu bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashda mustaqil media va faol jamoatchilikning ishtiroki har doim muhim bo‘lib kelgan. Chunki aynan OAV jamiyatdagi xatarli nuqtalarni erta payqaydigan, muammolarni tizimli tahlil qiladigan va ularni ochiq muhokamaga olib chiqadigan alohida ijtimoiy institut hisoblanadi.
Axborot ochiq va tushunarli bo‘lgan muhitda korrupsiyaning oldini olish imkoniyati yanada kengayadi. Shu ma’noda, tashkil etilayotgan treninglar shaffoflikni mustahkamlash, hisobdorlik madaniyatini rivojlantirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Shu bois jurnalistlarning, keng jamoatchilik vakillarining huquqiy bilimlari, tahliliy yondashuvi va professional ko‘nikmalarini oshirish korrupsiyaga qarshi milliy tizimning ajralmas bo‘g‘ini sanaladi. Bu nafaqat axborot sifati, balki jamiyat ishonchini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

– Bizning “Navoiy tajribasi: maishiy korrupsiyani oldini olishda jamoatchilik fikrini o‘rganish – samarali vosita” nomli kichik grant loyihamiz BMT Taraqqiyot dasturi doirasida moliyalashtirilgan, – deydi “Noila” ijtimoiy ko‘mak, huquqiy targ‘ibot va monitoring markazi rahbari Mansurjon Hamidov. – Loyiha doirasida mahallalar, ta’lim muassasalari va boshqa bir qator tashkilotlarda ijtimoiy so‘rovlar hamda seminarlar o‘tkazildi. Shuningdek, Karmana tumanida qishloq xo‘jaligi, jumladan, asalarichilikni rivojlantirish sohasida, Nurota, Navbahor, Xatirchi, Karmana va Qiziltepa tumanlari esa uzumchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirishda davlat xususiy sherikchiligidagi munosabatlar shaffofligi, korrupsion tuynuklar o‘rganildi. Natijada loyiha doirasida o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim o‘quvchilari uchun “Adolat va halollik darslari” konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Ikki kun davomida interfaol usulda olib borilgan seminar-mashg‘ulotlarida OAV hamda jamoatchilik vakillarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri