So‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, ma’muriy va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tizim yaratilgan bo‘lib, sohaga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingan.
Eng muhimi, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy baza to‘la shakllangan.
Xususan, bu borada 2017 yilning 3 yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan, 2019 yil 27 mayda esa “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingan.
Mazkur hujjatlarda korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy, institutsional asoslari va tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha asosiy vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, 2023 yilning aprel oyida umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi konstitutsiyaning 4 ta – 93-, 95-, 109- va 115- moddalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga taalluqli normalar aks ettirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonining 89-maqsadida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanganini alohida ta’kidlash joiz.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 noyabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, ushbu farmon bilan 9 ta yo‘nalishda 30 banddan iborat korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi tasdiqlanib, qator vazifalar belgilandi.
Prezidentimizning joriy yil 19 sentyabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishtirokini yanada kengaytirish va bu boradagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yanada keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Unda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalari, Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish, shuningdek, 2025 yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsad qilingan.
Qarorda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshiriladigan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan 5 ta ustuvor vazifa belgilangan. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatida ilmiy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va rolini kuchaytirish, sohadagi natijadorlik hamda samaradorlikni har bir sohaviy va hududiy kesimda tahlil qilish tizimini joriy etish belgilangan.
Shu bilan birga, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilg‘or tajriba almashish, sotsiologik, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni milliy va xalqaro grantlar asosida tizimli ravishda amalga oshirish vazifasi belgilangan.
Qarorda, shuningdek, ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilarning ishini ilmiy-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarining bajarilishini monitoring qilishga NNTlar jalb etilib, ular tomonidan muqobil baholash tizimi yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Jamoat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi loyihalariga har yili 10 milliard so‘m miqdorida grantlar ajratish va ijtimoiy buyurtmalar berib borish rejalashtirilgan.
Bunda ushbu maqsadlar uchun mablag‘lar Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga ajratilgan mablag‘larning yil davomida iqtisod qilingan qismi hamda Agentlik tomonidan tashkil etiladigan reyting baholash natijalariga ko‘ra “qoniqarsiz” deb topilgan davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ajratib borilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Agentlikning ijtimoiy buyurtmasi asosida sohalar va hududlar kesimida maishiy korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradigan omillar va unga fuqarolarning munosabatini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish ham asosiy chora-tadbirlar sifatida belgilangan.
Qayd etish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish, unga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan 13 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Unda asosiy e’tibor korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat tashkilotlar ishtirokini yanada kuchaytirish, sohaga yo‘naltirilgan mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish, markaz faoliyatini uslubiy va amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida korrupsiyani oldini olishning normativ-huquqiy, tashkiliy-amaliy va institutsional asoslari yaratilgan bo‘lib uning samarasi o‘laroq jamiyatda korrupsiyaga nisbatan keskin hamda murosasiz munosabat shakllanmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda ushbu sohada amalga oshirilayotgan transformatsion o‘zgarish va yangilanishlarni izchil hamda faol davom ettirish talab etilmoqda. Ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat davlat organi yoki tashkilot rahbari shaxsiy namuna ko‘rsatishi, balki unga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari birinchi navbatda tashabbuskor bo‘lishi zarurligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Shu bois, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlarni izchil va tizimli davom ettirgan holda, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari va keng jamoatchilikni jalb etish orqali ushbu illatga qarshi kurashda samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Adhamjon Uzoqjonov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA