Shu yilning 5 martida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida jirkanch illatning oldini olish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda keng ko‘lamda tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida aprel oyi – “Korrupsiyaga qarshi kurash oyligi”, deb e’lon qilindi.

Jumladan, mahallalar, korxona va tashkilotlarda “Aholining korrupsiyaga qarshi kurashishda faolligini oshirish – qonun ustuvorligining garovi!”, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida “Ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish – vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishdir”, oliy o‘quv yurtlari, texnikum, kollejlar va litseylarida “Bo‘lajak kadrlarni halollik vaksinasi bilan emlash – davr talabi”, shifo maskanlarida esa “Sog‘liqni saqlash tizimini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish – ustuvor vazifamiz!” mavzusida targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish maqsad qilib olingan.

Tuman partiya tashkiloti yetakchilari, faollar va ayniqsa, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar o‘z okruglaridagi yuzdan ortiq mahalladagi keksalar, ayollar va yoshlar orasida targ‘ibot tadbirlari va davra suhbatlarini o‘tkazdi. Ularda mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, mahallada, to‘y-ma’rakada ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirish borasida tushuntirish ishlari olib borildi.

Namangan shahridagi 38-sonli umumta’lim maktabi va Namangan davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan davra suhbatlarida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi xotin-qizlarning siyosiy-huquqiy faolligini oshirish boshqarmasi boshlig‘i Rayhona O‘rmonova “Korrupsiyaga qarshi kurashda partiyalar va fuqarolik jamiyati hamkorligi: korrupsiyaga qarshi kurash bo‘ycha partiya saylovoldi dasturida ilgari surilgan takliflar” mavzusida ma’ruza qildi.

Shuningdek, davra suhbatida Namangan davlat pedagogika instituti korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplanes nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi, viloyat IIB korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi, viloyat adliya bo‘limi huquqiy axborot sho‘’basi mutaxassislari ta’lim muassasalarida korrupsiyaga oid ma’muriy va jinoiy jazo choralari, ushbu illatga qarshi kurashda davlat va jamoatchilikning ishtiroki yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Partiyamiz nafaqat aprel oyida, balki kelgusida ham muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashda tizimli faoliyatni izchil davom ettirishni maqsad qilgan, – deydi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi raisi, deputat Isroiljon Jo‘rayev. – Ushbu ezgu maqsad yo‘lida birlashsak, adolat qaror topishiga, jamiyat taraqqiyoti, tinch va farovon hayotni ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Quvonarlisi, partiya tashabbuslari aholi tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanib, har bir tadbir korrupsiya atalmish taraqqiyotga g‘ov bo‘luvchi illatni bartaraf etishdek ustuvor maqsad yo‘lida minglab yurtdoshlarimizni birlashtirmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA