Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurash: tahlil va amaliy yondashuv
11:08 / 2025-09-22

Jizzax shahrida Oliy sud tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish: tahlil, muammo va yechim” mavzusida kengaytirilgan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, sud-huquq tizimi, mahalliy kengashlar, yoshlar va fuqarolik jamiyati vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbir oflayn va onlayn formatda tashkil etildi, ZOOM orqali respublikaning barcha hududlaridan kuzatib borildi.

Seminarda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025 yil 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Tadbirni Jizzax viloyat sudi raisi Akram Shukurov boshqardi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev yig‘ilishda so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashda jamiyatning barcha qatlamlarini jalb qilish, yosh avlodni xatarlardan asrash va ularda daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

[gallery-25392]

Seminarda Sudyalar assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov, Oliy sud raisi birinchi o‘rinbosari Alisher Usmanov va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov so‘zga chiqdi. Ular mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishga aylanganini, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va raqamlashtirish orqali erishilayotgan natijalar haqida fikr bildirdi.

Odil sudlov akademiyasi o‘qituvchisi Ilhom Nasriyev korrupsiyaga qarshi zamonaviy usullar, sun’iy intellekt imkoniyatlari, kadrlar tayyorlash va davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash kabi masalalar yuzasidan axborot berdi.

Shuningdek, Jizzax viloyat prokurori Baxtiyor Ibrohimov, IIB boshlig‘i general-mayor G‘ayrat Qodirov hamda viloyat Kengashi doimiy komissiyasi raisi Farhod Odilovning chiqishlari ham korrupsiyaning oldini olishda turli idoralar o‘rni va vazifalariga bag‘ishlandi.

Seminar yakunida ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlilini taqdim etib, mavjud muammolarning yechimi yo‘llari yuzasidan takliflar bildirdi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari