Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi
15:14 / 2025-12-15

Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi”da “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va uning tizim tashkilotlarida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda ustuvor vazifalar xususida ma’lumot berildi. Ushbu masalalar bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat departamenti boshlig‘i Alisher Davlanov ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 apreldagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida jamiyatda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini mustaqil va samarali tashkil etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini KPI asosida baholash tartibi joriy etildi, huquqiy eksperiment doirasida tegishli nizomlar tasdiqlandi.

Shuningdek, jamiyatning Moliyaviy va komplayns nazorat departamenti korrupsiyaga qarshi ichki nazorat departamenti sifatida qayta tashkil etilib, uning bo‘ysunuvi kuzatuv kengashiga o‘tkazildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” asosida amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 11 oyi davomida xarid jarayonlari doirasida 5 ming 600 dan ortiq shartnoma va hujjat belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 22 ta holat huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Kadrlar bilan ishlash jarayonida 163 nafar nomzod o‘rganilib, ayrim holatlar bo‘yicha salbiy xulosalar berildi.

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida 5 mingdan ortiq deklaratsiya qabul qilinib, aniqlangan 17 ta real holat bartaraf etildi. Bu jarayonlarning shaffofligini ta’minlash uchun DOCFLOW elektron tizimi orqali deklaratsiyalarni onlayn to‘ldirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, jamiyatda ISO 37001:2016 xalqaro korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi sertifikati audit nazoratidan muvaffaqiyatli o‘tkazildi, “World-Check” platformasi orqali kontragentlarni tekshirish amaliyoti joriy etildi.

[gallery-26735]

Korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining ishtiroki muhimligi ta’kidlanib, OAV vakillari ishtirokida press-turlar tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilayotgani qayd etildi.

Tadbir doirasida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ishtirokchilar uchun zavod bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari