Korrupsiya – har qanday davlat va jamiyat rivojiga jiddiy tahdid soluvchi salbiy illatlardan biri hisoblanadi. Shu bois, yurtimizda ushbu xavfli hodisaga qarshi qat’iy kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli islohotlar, tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan xodimlar o‘rtasida korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Ushbu tadbirlar doirasida xodimlarga tadbirkorlar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan xushmuomala munosabat o‘rnatish, ularning murojaatlariga tezkor va xolis javob qaytarish, sansolarlikka yo‘l qo‘ymaslik muhimligi haqida tushuntirishlar berilmoqda. Shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarida ortiqcha hujjat talab qilmaslik, nazorat va rasmiylashtirish ishlarini qisqa fursatda amalga oshirish lozimligi ta’kidlanmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarga muvofiq, xizmat intizomi, odob-axloq me’yorlari va ichki tartib-qoidalarga rioya qilish yuzasidan keng qamrovli profilaktik va tushuntiruv ishlari olib borilmoqda.
Darhaqiqat, jamiyatda jinoyatchilikning, ayniqsa, korrupsiyaning oldini olish hamda uning ildiziga yetishga qaratilgan tizimli choralar mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha keng jamoatchilik bilan hamkorlikka katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Davlat bojxona qo‘mitasining qisqa “11-08” raqamli ishonch telefoni, shuningdek, boshqarmada tashkil etilgan (75) 221-04-80 raqamli ishonch telefoni orqali fuqarolar o‘z murojaatlarini doimiy ravishda yo‘llashlari mumkin.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri