French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga qarshi kurash doimiy bo‘lishi lozim
09:17 / 2024-05-31

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining muvofiqlik (komplayens) bo‘limi tomonidan tizim korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar hamda seminar-treninglar muntazam ravishda tashkil qilib kelinmoqda.

Navbatdagi shunday tadbir Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasida o‘tkazildi.  

Tadbirda stansiya rahbari Farruh Turg‘unov korxonada korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mehnat jamoasiga murojaat bilan chiqib, ushbu illatga qarshi kurash yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Murojaatda korxona xodimlarining huquqiy ongi, madaniyatini oshirish, jamoada korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishning dolzarbligiga asosiy e’tibor qaratildi.  

Seminarda hozirgi sharoitda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan talablarga qat’iy rioya etish, xarajatlarni optimallashtirish va ortiqcha sarflarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning to‘liq bajarilishini ta’minlash zarurligi kabi masalalar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan maxsus slaydlar yordamida atroflicha tushunchalar berildi.  

– Bu kabi amaliy seminarlarni tashkil qilish orqali tizim korxonalari davlat xaridlari tizimida ehtimoliy korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va butunlay tugatishga ko‘maklashish, bu borada har bir mas’ul xodimning majburiyatlarini tushuntirish tadbirning asosiy maqsadidir, – deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining mas’ul xodimi Bahodir Nishonxo‘jayev. – Interaktiv tarzda kechgan seminar davomida mutaxassislar tomonidan ishchi-xodimlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri