Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Unda o‘tgan davrda amalga oshirilgan islohotlar tahlili bilan birga, kelgusi yillar uchun aniq maqsad va vazifalar belgilanib, barcha sohalarda izchil taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladigan muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Xalq deputatlari Qibray tumani kengashi deputati, Korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash va huquqiy masalalar bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Doniyor Yusupov bu haqda quyidagilarni gapirib berdi:
– Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizda ochiqlik, qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat xizmatlari sifatini oshirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini modernizatsiya qilish orqali aholining hayot sifati izchil ravishda yaxshilanmoqda.
Bu islohotlar barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokiga keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi ham keng qamrovli bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy hayotimizning barcha jabhalarini qamrab oldi. Unda o‘tgan yillar davomida qilingan ijobiy ishlar, yutuqlarimiz bilan bir qatorda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar chuqur tahlil qilindi.
2026 yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi jamiyatni quyi bo‘g‘indan boshlab mustahkamlashga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan strategik qarordir. Zero, mahalla shunchaki jamiyat boshqaruvining quyi tizimi bo‘libgina qolmay, asrlar osha milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab kelayotgan xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani hamdir.
Yangi yil dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topishi urg‘ulandi. Shuningdek, mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi.
Yurt taraqqiyotiga jiddiy tahdid soluvchi illat - korrupsiyaga qarshi kurashishda jamiyatning yakdil pozitsiyasi alohida ahamiyat kasb etadi. Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida “favqulodda holat” e’lon qilinishi, davlat boshqaruvida inson omilini qisqartirish, ochiqlik va adolat tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan qat’iy siyosat jamiyatda ishonch muhitini mustahkamlash yo‘lida qo‘yilgan eng muhim va dadil qadamlardan biri hisoblanadi.
Prezidentimiz Murojaatnomada ta’kidlaganidek, “Korrupsiya - davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir!”.
Shunga ko‘ra, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va bu rahbarlar tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, byudjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatadi va Prezident oldida hisobot beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda birlashish masalasiga alohida to‘xtalgani ham davlat rahbarining yurt taqdiriga hamisha qayg‘urishidan dalolatdir. Bu yo‘lda hamfikrlikda bo‘lishga chorlayotgani ham muhim haqiqat.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Murojaatnoma faqat kelgusi yil rejasi emas, balki kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatimizni belgilab beruvchi tarixiy dastur. Biz, deputatlar belgilangan ustuvor vazifalarni hayotga izchil tatbiq etishda yanada faol bo‘lishimiz lozim bo‘ladi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.