Mamlakatimizdagi davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish yuzasidan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Bu borada «Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilyapti.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligida 2022 yil 11 mayda qabul qilingan ushbu qarorning mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati uyushtirildi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida mamlakatimizdagi davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat tashkilotlari bilan birgalikda samarali ishlarni amalga oshirmoqda.
Yangi O‘zbekistonning 2022 - 2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, shu kunlarda «Ye-Antikorrupsiya» loyihasi ishga tushirilib, ushbu elektron platformasi orqali davlat hokimiyati va tashkilotlarining faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar, ushbu illatga qarshi kurashishda, uni ildizi bilan quritishda qo‘l kelmoqda, – deydi O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘yicha bosh mutaxassisi D.Sherg‘oziyev.
Davra suhbatida mutaxassislar tomonidan ushbu illatning paydo bo‘lishi sabablari va sodir etilishiga imkon beradigan shart-sharoitlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
O‘zA