Korrupsiya jamiyatimiz taraqqiyotiga, xalqimizning farovon turmushi va davlatimiz nufuziga jiddiy xavf soladigan illatdir. Shu bois, unga qarshi kurashish nafaqat davlat organlarining, balki har bir fuqaroning ham burchi va mas’uliyati hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Mamlakatimizda uning huquqiy asoslari, tashkiliy tuzilmasi va amalga oshirish strategiyasi ishlab chiqilgan. “Korrutsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bu illatga qarshi kurashishning asosiy prinsiplaridan biri qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligidir.
Millat, jamiyat kushandasi bo‘lgan korrupsiya xavfsizligimizga jiddiy tahdid solib, taraqqiyotimizni ortga suradi. Fuqarolarni halol va to‘g‘ri yo‘ldan ozdirib, poraxo‘rlik, ta’magirlik girdobiga tortadi, tubsiz jarlik tomon olib boradi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Kadastr agentligi tizimida inson omilini kamaytirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, aholiga xizmatlarni shaffof va tezkor ko‘rsatish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli islohotlar, texnologik yangilanish va idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik orqali natijaga erishish mumkin. Kadastr sohasidagi bugungi ochiqlik va shaffoflik kelgusida adolatli jamiyat barpo etishga xizmat qiladi.
Farg‘ona viloyatida ham qonunbuzilish holatlarining oldini olish va bartaraf etish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xodimlar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, ularga korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik va javobgarlikning muqarrarligi haqida tushuntirishlar berilmoqda.
Boshqarmaning komplayens nazorati mutaxassislari tomonidan o‘tkazilayotgan umumprofilaktik, mahallalarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot hamda har bir mutaxassis xodim bilan olib borilayotgan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlarda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, javobgarlikning muqarrarligi haqida tushuntirishlar berib borilmoqda. Mazkur tadbirlar boshqarmaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilmoqda.
Bugungi kunda yer nazorati tadbirlari “E-yer nazorat” axborot tizimi orqali maxsus planshetlarda amalga oshirilib, korrupsiya xavfining oldi olinmoqda. Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish esa davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali faqat elektron tarzda amalga oshirilyapti. Bu esa tizimda ochiqlik, ishonchlilik va shaffoflikni ta’minlamoqda. Shu bilan birga, “E-yer nazorat”, “E’tirof”, “Uzkad” va ko‘chmas mulk xizmatlari kabi elektron dasturlar orqali aholi uchun qulayliklar yaratilmoqda.
Kadastr idoralari, arxiv muassasalari va davlat xizmatlari markazlari o‘rtasida hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda ko‘chmas mulkka oid hujjatlar faqat elektron raqamli imzo yoki sodda qilib aytganda, QR-kod orqali rasmiylashtiriladi. Bu esa hujjatlarning qalbakilashtirilish ehtimolini deyarli yo‘qqa chiqardi. Joriy yil boshidan buyon Farg‘ona viloyatida ushbu turdagi jinoyatlar qayd etilmadi. Natija shuki, islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatyapti.
Shuningdek, “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash yuzasidan xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada ham korrupsiyaning oldini olish maqsadida doimiy ravishda videomurojaatlar, ijtimoiy tarmoqlarda ochiq chiqishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, barcha tuman va shahar bo‘limlari faoliyati bo‘yicha anonim so‘rovnomalar o‘tkazilib kelinmoqda.
Sohamizda korrupsiyaning oldini olishda, eng avvalo, xalqimizning xayrixohligi, hamjihatligi va ko‘magiga tayanamiz. Korrupsiyasiz kelajak sari har bir fuqaro o‘z faoliyatida poklik va halollikka amal qilib, jamiyatda huquqiy savodxonlikni oshirsa, jamoaviy harakat qilinsa, yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirib, ularda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik fazilatlari shakllantirilsa, bu xavfli illat omillarini ildizi bilan yo‘qotadigan choralar kuchaytirilsa, jamiyat kushandasining payi qirqiladi.
Davlatimiz rahbari “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz” deb ta’kidlaganlar. Darhaqiqat, jamiyat rivojiga zimdan zarar yetkazuvchi bu ofatni daf qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasi, har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Shuni e’tiborga olib, yurtdoshlarimizdan kadastr sohasida korrupsion holatlarga duch kelsalar, Kadastr agentligining 1097 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”, shuningdek, (73) 249-70-77 raqamlariga ma’lum qilishlarini so‘rab qolamiz. Murojaatchining shaxsi qonunga muvofiq sir saqlanishi qat’iy kafolatlanadi.
Agar har bir fuqaro jonajon Vatanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan xoli, tinch va xavfsiz jamiyatga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak, ko‘zlangan maqsadga, albatta, erishamiz.
Qonunga hurmat va halollik – korrupsiyasiz jamiyatning kafolati. Birgalikda pok va adolatli tizimni yarataylik!
Nodirbek MASHRAPOV,
Kadastr agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA