“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filiali tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va bu borada qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
–Xalqaro standartlar asosida yashirin iqtisodiyotning oldini olish yuzasidan 21 ta ichki me’yoriy hujjat ishlab chiqildi va shular asosida ishlar olib borilmoqda. Shahar va tuman elektr tarmoqlari korxonalarida korrupsiyani yo‘q qilishga erishish, korrupsiyaga qarshi munosabatlarni tuzish, jamiyat faoliyatining barcha sohalarida uning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaning oqibatlari, unga olib keluvchi omillar va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qonun bo‘yicha korrupsiyaviy huquqbuzarlik uchun qat’iy javobgarlikka tortish belgilangan, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filialining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘limi boshlig‘i Ilnur Mahmudov.
Bo‘lim tomonidan shu yil boshida filial barcha xodimlaridan korrupsiya holatlariga qarshi kurashish korrupsiyaga qo‘l urmaslik bo‘yicha kafolat xatlari olinib va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiyalar to‘ldirildi. Bugungi kunda huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olish maqsadida birgalikda reydlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
2025 yil yanvar-may oylari davomida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan birgalikda boshqarmada 8, shahar va tuman bo‘limlarida 29 marotaba yig‘ilish o‘tkazildi. Shundan nafaqat shahar va tumanlarda, balki chekka ovul fuqarolar yig‘inlarida yashovchi fuqarolar orasida ham 8 marta yig‘ilish o‘tkazilib, ularga agarda elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan korrupsion holatlarga duch kelgan holatda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filialining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘limida avtomatik tarzda ishonch telefoni borligi tushuntirildi.
2025 yilning yanvar-may oylari davomida bo‘lim tomonidan 18 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi va iste’molchilar tomonidan noqonuniy elektr energiyasidan foydalanish holatlari aniqlanib, korxonamizga 1 milliard 967 million 936 ming 688 so‘m miqdorida zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri