Korrupsiya haqida tarixga bir nazar tashlasak, korrupsiya iqtisodiy hodisa sifatida tovar-pul munosabatlari bor joyda mavjud bo‘lib kelgan.
Shu bilan birga, katta boyliklarga ega bo‘lgan ba’zi ishbilarmonlar o‘z daromadlarini ko‘paytirish va bozordagi raqobatda alohida imtiyozlarga ega bo‘lish maqsadida mansabdor shaxslarni o‘z ixtiyorlariga bo‘ysundirishga harakat qiladilar.
Jahon tarixining turli davrlarida ham turli davlatlardagi
katta-kichik mansabdorlar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilgani, korrupsiyaga qarshi qonunlar qabul qilinib, o‘ziga xos jazolar tayinlanganining guvohi bo‘lamiz.
Jumladan, sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida jinoyat va jazo masalalarini hal etishda “Temur tuzuklari” alohida o‘rin egallagan. Tuzuklarda mulkni, xususan, davlat mulkini o‘zlashtirganlik uchun javobgarlikni belgilashda o‘ziga xos yondashuv mavjud bo‘lgan.
O‘sha davrda amaldorlar ishini tartibga solish maqsadida vaqti-vaqti bilan so‘roq, tekshirish, taftish, tergov o‘tkazib turilgan. O‘z amalini suiiste’mol qilish, doimiy ravishda ichkilik ichish kabi qilmishlar og‘ir gunoh hisoblangan va qattiq jazolangan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Amir Temurning o‘g‘li Mironshoh, nevaralari Pirmuhammad va Xalil Sultonlar yuqorida zikr etilgan me’yorlarni buzganlik uchun xalq oldida jazoga tortilgan.
Diniy nuqtai nazardan olib qarasak ham, Alloh taolo insoniyatni yaratgach, ularni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etib, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurdi hamda halol va harom bo‘lgan narsalarni bayon qildi. Demak, har bir inson halol rizq talab qilishi bilan birga, birovning haqqidan hazar qilishi va o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirmasligi o‘ta muhimdir.
Hayotda o‘zgalarning haqqiga tajovuz qiladigan, o‘zgalar molini o‘zlashtirib oladigan kimsalar, garchi ko‘zga uddaburon kishilar bo‘lib ko‘rinsa-da, nochor va bechora kishilar aynan o‘shalardir.
Bu o‘rinda birovning haqqini nohaq yeyish hamda pora beruvchi va pora oluvchi ham og‘ir gunohkor bo‘lishligi muqaddas manbaalarimizda ham aytib o‘tilgan.
Demak, korrupsiyaga qarshi kurashishda insonning diniy-ma’rifiy bilimlarga ega bo‘lishi ham juda muhimdir.
Munis XALILOVA,
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi
“Toshkent-tovar” TIF bojxona posti xodimi