Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida izchil davlat siyosati olib borilmoqda. Buning asosiy yo‘nalishlaridan biri sud tizimida oshkoralik va adolatni ta’minlashdir.
Sud organlaridagi korrupsiya fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini so‘ndirib, inson huquqlarining tizimli ravishda buzilishiga zamin yaratadi. Namangan viloyati sudida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ayni shu jihatlar xususida so‘z yuritildi.

Viloyatdagi barcha sudyalar va tizim xodimlari ishtirokidagi anjuman avvalida, Prezidentimizning shu yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida so‘zlagan nutqi va mazkur yig‘ilish tafsilotiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish etildi. Shundan so‘ng sudyalar va tizim xodimlari nutqidan kelib chiqadigan muhim vazifalar, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilish lozim bo‘lgan ishlarni muhokama qilib, aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi ham sudyalar va sud xodimlariga murojaat yo‘llagan edi. Tadbirda mazkur murojaat atroflicha o‘rganib chiqildi.
Murojaatdan kelib chiqib sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar, mazkur jarayonda sudyalar va tizim xodimlarining o‘rni, illatga qarshi kurashishning dolzarb mexanizmlari yuzasidan fikr-mulohaza yuritildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA