Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mamlakatimizda muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mamlakatimizda muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi.
Bu jarayonda fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini taʼminlash mexanizmlari takomillashtirildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Prezidentimizning 2019-yil 17-yanvardagi farmoni bilan Bosh prokuratura korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha masʼul etib belgilandi. Jumladan, tizimga Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan eʼlon qilinadigan “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”, Jahon banki boshqaruv sifati indikatorlarining “Korrupsiyani tiyib turish indeksi” va Jahon odil sudlov loyihasining “Huquq ustuvorligi indeksidagi korrupsiyaning mavjud emasligi koʻrsatkichi” boʻyicha koʻrstakichlarni yaxshilash yuklandi.
Bosh prokuratura Akademiyasi korrupsiyani qabul qilish va korrupsiyani tiyib turish indekslari boʻyicha ilmiy tadqiqot instituti sifatida faoliyat olib bormoqda.
Bosh prokuratura tomonidan ushbu yoʻnalishlarda muayyan ishlar amalga oshirildi. Natijada inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikni taʼminlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi koʻrsatkichlari oshishiga zamin yaratdi.
2019-yil sentyabr oyida eʼlon qilingan 2018-yil boʻyicha Jahon bankining boshqaruv sifati indikatorlarining “Korrupsiyani tiyib turish indeksi”da Oʻzbekiston 209 davlat orasida 28,6 ball bilan 183-oʻrinni egallab, bir pogʻonaga koʻtarildi.
2020-yil yanvar oyida eʼlon qilingan Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2019-yil boʻyicha “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”da Oʻzbekiston 180 davlat orasida 25 ball bilan 153-oʻrinni egallab, 5 pogʻonaga koʻtarildi. 2018-yilda bu koʻrsatkich 23 ball bilan 158-oʻrinni tashkil etgan.
Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti hisobotida ushbu reyting boʻyicha soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning koʻrsatkichlari oshib borayotgani, ommaviy axborot vositalariga qoʻyilgan cheklovlar yengillashtirilgani eʼtirof etilgan.
2020-yil mart oyida eʼlon qilingan 2020-yil boʻyicha Jahon odil sudlov loyihasining “Huquq ustuvorligi indeksidagi – korrupsiyaning mavjud emasligi indeksi”da Oʻzbekiston 128 davlat orasida 0,40 ball bilan 89-oʻrinni egallab, 6 pogʻonaga koʻtarildi.
Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imijini mustahkamlash maqsadida Prezidentimizning 2020-yil 2-iyunda “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etildi.
Kengash mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib boradi. Turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarning Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini taʼminlashga harakat qiladi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarning samaradorligiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jamiyatni demokratlashtirish, ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari suradi.
Davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatning oʻrniga taʼsiri nuqtayi nazaridan kompleks baholab boradi.
Shuningdek, farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlari belgilab berildi.
Unga koʻra, “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” boʻyicha Oʻzbekiston koʻrsatkichlarini joriy yilda 27 balldan 2030-yilda 65 ballga, “Korrupsiyani tiyib turish indeksi” boʻyicha joriy yilda 31 balldan 2030-yilda 71,6 ballga va “Korrupsiyaning mavjud emasligi indeksi” boʻyicha joriy yilda 0,39 balldan 2030-yilda 0,60 ballga yetkazish belgilandi.
Shu bois Bosh prokuratura tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro reytinglardagi Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash boʻyicha ishlar davom etmoqda.
Shu maqsadda Sloveniya, Qozogʻiston, Latviya, Rossiya Transparency International tashkiloti vakillari, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari ishtirokida “Korrupsiya qarshi kurashish borasida davlat organlari va nodavlat tashkilotlarining hamkorlik masalalari” mavzusida xalqaro veb-konferensiya oʻtkazildi.
Uchrashuv davomida Transparency International tashkiloti vakillari bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida oʻzaro hamkorlikni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Aytib oʻtish kerakki, davr talabiga hamnafas tarzda korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi ham takomillashtirib borilmoqda. Korrupsiyaning barvaqt oldini olishga masʼul boʻlgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashkil etilgani ham oʻz vaqtida qabul qilingan muhim qaror boʻldi.
Bugungi kunda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyatini yana-da yuksaltirish hamda davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish korrupsiyani jilovlashning muhim omili boʻlib qolmoqda. Shu nuqtayi nazardan yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi zimmasiga hamm gʻoyat masʼuliyatli vazifalar yuklandi.
Bir soʻz bilan aytganda, amalga oshirilayotgan islohotlar, eng avvalo, xalqimizning munosib shart-sharoitda yashashiga, huquqlari munosib himoya qilinishiga xizmat qiladi. Bunday xayrli ishlar esa oʻz-oʻzidan Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imiji ham, reytinglardagi oʻrni ham yaxshilanib borishiga zamin yaratadi.
Latif Jalov,
Bosh prokuratura boshqarma boshligʻi.