Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga ochiqlik orqali chek qo‘yiladi
11:46 / 2024-01-09

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 27 noyabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirilishi kerak?

Bu savolga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, yuridik fanlari doktori, professor Foziljon Otaxonov javob berdi:  

– Farmonga ko‘ra, har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilib boradi.  

Shunday jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun Agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib boriladi.  

Shuningdek, har yarim yilda jinoyatlarning oldini olish hamda ularga imkon bergan omillarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib boriladi.  

Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi.  

Dastur asosida davlat boshqaruvi va davlat xizmati, ma’muriy tartib-taomillar, davlat xaridlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlik sohalarida hamda sud-huquq tizimida korrupsiyaning oldini olish choralari ko‘riladi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional asoslari takomillashtiriladi.  

Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha zarur ishlar olib boriladi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik kuchaytirildi.  

Dasturda shu kabi 30 ta chora-tadbir belgilanib, ularni amalga oshirish mexanizmi, ijro muddati, moliyalashtirish manbalari va mas’ul ijrochilar aniq ko‘rsatildi.  

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, axborot olish erkinligini ta’minlash orqali jamoatchilik nazoratini yanada takomillashtirish maqsadida Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati belgilandi.  

Hududlar kesimida “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risida (ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qo‘yilgan sana va ro‘yxatdagi tartib raqami)ga oid ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi.  

Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ro‘yxati) to‘g‘risida (ariza navbatga qo‘yilgan sana, ro‘yxatdagi tartib raqami, yosh guruhi hamda tashkilot raqamiga oid)  ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.  

Davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi (nizom, reglament, yo‘riqnoma yoki boshqa ichki idoraviy hujjat) hamda markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ommaga ochiq e’lon qilib boriladi.  

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi ma’lumotlar kiritilgani ushbu sohalarda korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Bir so‘z bilan aytganda, yuqoridagi kabi muhim tizimlarda ochiqlik keng joriy etilayotgani bu illatga chek qo‘yishga xizmat qiladi.  

 

Norgul Abduraimova, O‘zA