Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhiti qanday shakllanmoqda?
09:47 / 2025-10-24

Senatda aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ijrosi muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish borasida bugungi kunga qadar muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, “Ye-learning” elektron ta’lim platformasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Ochiq ma’lumotlarga kirish” hamda “Ochiqlik bo‘yicha davlat siyosati” mavzularida onlayn kurslar yo‘lga qo‘yildi. Ushbu kurslarni 119 tashkilotdan 697 nafar xodim tamomladi va ularga sertifikatlar topshirildi.

Davlat xaridlari jarayonida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash yuzasidan 52 davlat xaridi operatori, 418  davlat buyurtmachisi hamda mingdan ziyod tadbirkor ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilib, Finlyandiya Adliya vazirligining mahalliy hokimliklarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmasi o‘zbek tiliga tarjima qilindi va komplayens xizmatlari faoliyatiga tatbiq etish bilan bog‘liq ishlar amalga oshirildi.  

Oliy ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” sahifasi yaratildi va turli mavzularda 2 ming 328 dan ortiq targ‘ibot materiallari va ma’lumotlar joylashtirildi. Oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida korrupsiyani to‘xtatishga  doir xeshteglar bilan 778 marotaba chellenjlar o‘tkazildi.

Muhokamada ishtirokchilar tomonidan bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb masala ekanligi bois aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish masalalari qonunchilikda o‘z aksini topishi hamda tezroq amaliyotga tatbiq etilishi yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilayotgani qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olinib, chora-tadbirlar rejasining ijrosini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlashga qaratilgan ishlarni faollashtirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA