English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan loyiha
16:24 / 2023-05-26

Mamlakatimizda yoshlar va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Adliya vazirligida Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va “KPMG Audit” (O‘zbekiston) kompaniyasi ekspertlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda shu haqda fikr yuritildi.  

Tadbirda Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda samarali, hisobdor va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi ko‘magida “KPMG Audit” (O‘zbekiston) kompaniyasi ekspertlari ishtirokida amalga oshirilgan “Davlat organlari va ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi ta’lim va halollik tizimini yaratish” loyihasi natijasida tayyorlangan o‘quv materiallari va modullari tarqatildi.  

Ushbu loyiha davlat xizmatchilari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari hamda ta’lim muassasalarining o‘quvchi va talabalarida halollikni mustahkamlash va korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan.  

Loyiha doirasida ta’lim sohasidagi turli maqsadli guruhlar uchun korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha o‘quv dasturlari, korrupsiyaga qarshi kurashning zamonaviy mexanizmlari, mansabdor shaxslar va davlat muassasalari xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligi va huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslari ishlab chiqildi.  

Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni korrupsiyaga qarshi tarbiyalash bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi. Ushbu qo‘llanma 3 bob va 6 qismdan iborat bo‘lib, korrupsiyaga qarshi ta’lim va korrupsiyaga qarshi dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan.  

Qo‘llanma bolalar ongida korrupsiyaga qarshi ko‘nikmalarni shakllantirishda, ularni halol, korrupsiya kabi salbiy ijtimoiy hodisaga nisbatan murosasizlik ruhida tarbiyalashda tarbiyachilar uchun ko‘makchi bo‘ladi.  

N.Abduraimova, O‘zA