Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu borada yoshlarni halollik, adolat, qonuniylik va mas’uliyat ruhida tarbiyalash, ularda korrupsiyaga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i
Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan ham mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Viloyatning barcha tuman va shaharlarida “Halollik – eng oliy fazilat”, “Korrupsiyasiz kelajak bizning qo‘limizda” shiori ostida 500 dan ortiq uchrashuv, davra suhbati va seminar-treninglar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda 50 mingdan ziyod yoshlar, ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari, yosh tadbirkorlar hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida Adliya, Prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Ichki ishlar va Soliq boshqarmasi vakillari ishtirok etib, yoshlarga korrupsiya xavf-xatarlari, halollik me’yorlari va qonuniylik tamoyillari haqida tushunchalar berdi.
Yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan mahallalardagi yoshlar yetakchilari faoliyatiga halollik tamoyillarini singdirish maqsadida maxsus o‘quv-treninglar o‘tkazildi. Viloyatdagi 879 ta mahalla yoshlar yetakchilari “Korrupsiyasiz muhit – halol xizmat” mavzusidagi treninglarda ishtirok etib, amaliy qo‘llanmalar, infografik plakatlar va video roliklar bilan ta’minlandi. Shuningdek, har bir mahallada yoshlar bilan “Halol fuqarolik pozitsiyasi” mavzusida suhbatlar tashkil etish bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqildi.
Har bir tuman va shaharda namunaviy yoshlar yetakchilari o‘z hududlarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, tizimda ichki nazoratni kuchaytirish va xodimlar mas’uliyatini oshirish maqsadida “Halollik kodeksi” mavzusida muntazam suhbatlar o‘tkazilmoqda. 2025 yilning o‘tgan davrida 100 dan ortiq tizim xodimlari halollik standartlari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat etikasi va axborot shaffofligi bo‘yicha maxsus seminar-treninglarda qatnashdi.
Boshqarmada har oyda “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat kuni” amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, unda xodimlarning faoliyati, yoshlar bilan ishlashdagi shaffoflik va hisobot intizomi tahlil etilmoqda.
Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan “Korrupsiyasiz hayot – yoshlar tanlovi” shiori ostida ijtimoiy video roliklar, banner va animatsion plakatlar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib etilmoqda.
Fuqarolar va yoshlarning murojaatlarini halol, shaffof va tezkor ko‘rib chiqish tizimi ham boshqarma faoliyatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu maqsadda “Yoshlar murojaatlari monitoringi” axborot tizimi joriy etildi. U orqali har bir murojaat kunlik nazorat qilinadi.
Shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni”, sayyor qabullar va “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari muntazam o‘tkazilib, 2025 yil davomida 2 mingdan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi. Ulardan 80 foizi joyida ijobiy hal etildi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida korrupsiyaviy omillarning oldini olish maqsadida ichki nazorat komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Har bir xodimning fuqarolar bilan ishlash etikasi, halollik majburiyati va manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish bo‘yicha javobgarligi mustahkamlandi.
Boshqarma huzurida “Ishonch telefoni” va maxsus Telegram bot orqali korrupsiya bilan bog‘liq murojaatlarni anonim ravishda qabul qilish tizimi ham samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan izchil ishlar natijasida yoshlar o‘rtasida halollik madaniyati, fuqarolik mas’uliyati va korrupsiyaga nisbatan murosasizlik hissi tobora kuchaymoqda. Mahallalardagi yoshlar yetakchilari, tizim xodimlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi bu yo‘nalishda barqaror natijalarga erishishga zamin yaratmoqda.
Akmaljon Tangirqulov,
Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA