Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga murosasizlik – adolat va farovonlik kafolati
14:07 / 2025-04-04

Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiya omillariga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz joriy yil 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ham yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi. Darhaqiqat, bugun ushbu mavzu dolzarb masalaga aylangan. 

Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdiddir va u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarga ham jiddiy putur yetkazadi. Shu ma’noda, asr illatiga qarshi kurash har bir kishining, jamiyatning, siyosiy partiyalar, jamoatchilik tashkilotlarining vazifasi. Hech kimning bu kurashdan chekkada turishga haqqi yo‘q. Aks holda, biz o‘z tanamizga o‘zimiz bolta urgan bo‘lamiz. Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalardan. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzoladi. Hujjatni imzolashda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 29 iyundagi farmoni, 2025 yil 5 martdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy Kengashning kengaytirilgan yig‘ilishidagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan vazifalar, Partiya Saylovoldi dasturi, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda dasturiy hujjatlaridagi o‘zaro mushtarak maqsad va vazifalardan kelib chiqildi. Memorandumga asosan, aholining jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik hissini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, ularning sharhi, qonunning mohiyati va ahamiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazish, yosh avlodning huquqiy madaniyatini oshirish va ularni korrupsiyaga qarshi betoqatlik ruhida tarbiyalash borasida hamkorlik qilinadi. Partiyamiz Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida maqsad va vazifalarning izchil amalga oshirilishini ta’minlash borasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish maqsadida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etadi, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi, jamiyatda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi, vazirlik va idoralarda, ta’lim muassasalarida, mehnat jamoalarida, mahallalarda hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida davra suhbatlari, soha mutaxassislari ishtirokidagi uchrashuvlar, muhokamalar va seminarlar tashkil qiladi. Partiyaning barcha darajadagi deputatlik guruhlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid mavjud qonunchilikni tahlil qilib boradi, bu boradagi normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida davlat rahbari tomonidan qo‘yilayotgan talablar darajasida ishlab chiqilishida ishtirok etadi. Qonunlarni ijro etish jarayonida ularga nisbatan har qanday formal munosabatda bo‘lish va buning natijasida adolatga putur yetkazish holatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha so‘rovlar, aksiyalar, konkurslar tashkil etadi. Ta’lim muassasalarida, mahallalar va mehnat jamoalarida “Adolat posbonlari” guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Saylovoldi Dasturida korrupsiyaga qarshi ilgari surilgan g‘oyalarni amalga oshirish, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘layotgan qonun hujjatlarini takomillashtirishga oid harakatlarga Agentlik mutaxassislarini taklif etadi. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining shaffofligini oshirishda keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlashga qaratilgan media tadbirlarini tashkillashtiradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi esa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda o‘ziga belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda Partiya bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatadi, shu jumladan, tomonlarning kelishuviga asosan hamkorlikdagi tadbirlarni tashkil qiladi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida har yili qabul qilinadigan Davlat dasturlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha tegishli takliflarni hamkorlikda ishlab chiqadi. Partiyaga korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa xalqaro standartlarni joriy etish va samarali faoliyat ko‘rsatishini tashkillashtirishda ko‘maklashadi. Partiya xodimlarini Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi doirasida tashkil etiladigan targ‘ibot va profilaktik tadbirlar, davra suhbatlari, xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi uchrashuvlar, muhokamalar va seminarlarga taklif etadi. Korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxatini shakllantirish va bu boradagi qonun hujjatlarini takomillashtirish jarayonlariga partiyaning tajribali faollarini jalb qiladi. Aholida korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirishda partiya tuzilmalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida ularni elektron targ‘ibot-tashviqot vositalari bilan ta’minlaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi doirasida Partiya tomonidan o‘tkaziladigan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarda Agentlik xodimlari ishtirokini ta’minlaydi. 

Buning amaliy isboti o‘laroq, “Adolat” SDP tomonidan aprel oyi “Korrupsiyaga qarshi kurashish“ oyligi sifatida belgilangan. Mazkur oylik doirasida partiya va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining hududiy va mahalliy tuzilmalari tomonidan aholi vakillari ishtirokida “Aholining korrupsiyaga qarshi kurashishda faolligini oshirish – qonun ustuvorligi garovi” mavzusida davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Jumladan, “Adolat” SDP Mirobod tumani Kengashi tomonidan ezgu maqsadlar yo‘lida o‘tkazilayotgan davra suhbatlarining galdagi manzili Mirobod tumanidagi “Oq uy“ mahallasi bo‘ldi. Unda ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishda nafaqat davlat organlari, balki jamiyatning har bir a’zosi faol ishtirok etishi shart. Ushbu ezgu maqsad yo‘lida birlashsak, adolat qaror topishiga, jamiyat taraqqiyoti va tinch-osuda, farovon hayotni ta’minlashga munosib hissa qo‘shamiz. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish – davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim omili. Shunday ekan, mazkur illatga murosasiz bo‘lish va korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz birdek mas’ulmiz. 

O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan oylikning birinchi haftasi davomida poytaxt mahallalarida davra suhbatlari va uchrashuvlarni yuqori saviyada, turli sohalar mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘tkazish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Muloqotlar davomida fuqarolarga kundalik hayoti davomida korrupsiyaning u yoki bu ko‘rinishlari, ta’magirlik holatlariga duch kelganda qanday huquqiy mexanizm yoki ta’sir choralarini ko‘rish mumkinligi haqida tushunchalar berilayotir. Korrupsiya, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib kelishi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmasligi misollar yordamida ochib berilmoqda. 

Shu o‘rinda qayd etish joizki, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishiga olib keladi. Korrupsiyaning oldini olish, sodir bo‘layotgan ayrim holatlarga qarshi kurashish davlatning, jamiyatning muhim maqsadiga aylandi. Chunki bu illat bor joyda rivojlanish bo‘lmasligi kunday ravshanlashdi. Shuning uchun korrupsiyadan xoli qonun ustuvorligi ta’minlangan huquqiy demokratik davlat barpo etishda har birimiz o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir. 

Davlatimiz rahbari ham korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashishning qanchalik ahamiyatli ekanini dalillar bilan ko‘rsatib berdi. Bu borada bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilandi. Aytib o‘tish kerakki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar natijasida keyingi yillarda O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanib bormoqda. Lekin bu boradagi ishlarni yanada yaxshilash uchun ayrim muammolarni bartaraf etish zarur. O‘zbekiston “Adolat“ SDP tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi“doirasida partiyaning barcha hududiy kengashlari tomonidan keng ko‘lamda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan partiya faollari va deputatlar joylarda tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazib, korrupsiya illatiga qarshi kurashishni yanada kuchaytirish va uni jamiyat hayotidan batamom bartaraf etish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirmoqda.

Toshpo‘lat MATIBAEV, 

O‘zbekiston “Adolat” SDP Mirobod tuman kengashi raisi,

xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati,

Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi a’zosi.