English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiyaga moyilligi bor 4 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi
18:43 / 2024-07-25

Davlat Kadastr agentligi hamda Kadastrlar palatasi Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan joriy yilning olti oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari vakillari, soha mutasaddilari ishtirok etdi. Unda mamlakatimizda kadastr tizimini rivojlantirish, sohaga oid qonunlar, qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.  

Anjumanda Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari, Kadastrlar palatasi viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida yer qonunchiligiga oid amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.  

– Boshqarma, uning tuman, shahar bo‘limlari mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar, yer nazorati tadbirlari davomida joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 2 ming 226 ta holatda 218,1 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi ma’lum bo‘ldi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayoziddin Berdiqulov. –  Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan olib borilgan ishlar natijasida 1 ming 762 ta noqonuniy holat bartaraf etilib, yer maydonlari asl holiga qaytarildi, 334 ta holat bo‘yicha sud organlariga davo arizalari kiritildi, 55 ta aniqlangan qonunbuzilish holatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi.  

[gallery-18424]

Bundan tashqari, joriy yilning olti oyi davomida 1 ming 252 ta huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy jarimalar rasmiylashtirildi.  

Anjumanda yarim yil mobaynida kadastr boshqarmasiga barcha manbalar orqali 424 ta murojaat kelib tushganligi, mazkur murojaatlarning 279 tasi ijobiy hal etilganligi, 98 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilganligi, 4 tasi rad etilganligi, 43 ta murojaat o‘rganish jarayonida ekanligi qayd etildi.  

Davlat kadastrlar palatasiga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha 53 ming 229 ta murojaat kelib tushgan.    

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, murojaatlarning 32 ming 688 tasi ijobiy hal etilib, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, 16 ming 614 ta murojaat tegishli hujjatlarida kamchiliklar borligi sababli ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan.  

Ko‘chmas mulk ob’ektiga kadastr pasportini tayyorlash bo‘yicha 46 ming 427 ta arizalar kelib tushgan. Arizalarning 26 ming 346 tasi ijobiy hal etilgan, 17 ming 609 tasi rad  etilgan, 1 ming 421 ta murojaat  bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.  

Anjumanda joriy yilning birinchi yarmida viloyat bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun 2 ming 136  bo‘sh yer uchastkalari auksion savdolariga chiqarilganligi aytib o‘tildi.  

Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari tomonidan sohada korrupsion va boshqa salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, o‘tgan olti oy davomida 80 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Shuningdek, tizimda korrupsiyaga moyilligi bor 4 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hamda ichki tartib-qoidalarga rioya qilmagan 43 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rilgan.  

Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillarining mavzu hamda kadastr sohasiga oid qiziqtirgan savollarga mutasaddilar batafsil javob qaytardi.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto),

O‘zA muxbirlari