Davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash uchun ochiqlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 10 baravarigacha jarima jazosini qo‘llashga oid qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Ochiqlik va shaffoflik – korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga xizmat qiluvchi eng samarali vositalardan biridir.
Shu bois davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlovchi yangi tartiblar belgilandi. Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, raqamli texnologiyalarning keng qo‘llanilishi davlat organlarining jamiyat oldidagi hisobdorligini yanada oshirdi.
Xususan, ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), yuridik shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlarining hisobga qo‘yilgan ma’lumotlari bazasi (my.gov.uz) hamda boshqa platformalar byurokratiyani qisqartirib, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan xaridlar to‘g‘risida barcha ma’lumotlar d.xarid.uz portaliga joylashtirilib, samarali jamoatchilik nazorati mexanizmlari yaratildi.
Yangi ishga tushirilgan «Ochiq byudjet» portali esa byudjet mablag‘larining tasarruf etilishida aholining bevosita ishtirok etish imkonini berdi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 22 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, byudjet mablag‘lari, shu jumladan, mahalliy byudjet mablag‘laridan ortib bajarilgan qismini mahalliy aholi va keng jamoatchilik nazorati ostida sarflashning samarali tizimi joriy etildi va «Tashabbusli byudjet» loyihasi ishga tushirildi.
Davlat ob’ektlari, ko‘chmas mulklar, yer uchastkalari, avtotransport vositalari, avtoraqamlar, tashqi reklama ob’ektlarini qurish va o‘rnatish huquqi, avtoradarlar o‘rnatish joylari kabilarni “E-auksion» ochiq elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Qonun loyihalari, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o‘tkazish tizimi yaratildi. regulation.gov.uz portali qabul qilinishi rejalashtirilgan muhim qarorlarning shaffofligiga, fuqarolar oldida hisobdorlik prinsipining amalda ishlashiga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz va xorijiy foydalanuvchilarning keng doirasi uchun statistik ma’lumotlarning maksimal darajada ochiqligi va shaffofligini ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, Ochiq ma’lumotlar portaliga umumfoydalanishdagi statistik ma’lumotlar, jumladan, amalga oshirilgan davlat xaridlari, patentlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatga olish, jamoat transporti harakati, yer resurslaridan foydalanish va shu kabi boshqa ma’lumotlar joylashtirib borilmoqda.
Bu kabi tizimli va izchil islohotlar natijasida asosiy indikatorlardan biri ochiqlikni ta’minlash bo‘lgan qator xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston pozitsiyasining sezilarli darajada yaxshilanishiga erishildi.
Misol uchun, 2020 yil yakunlarida ko‘ra, O‘zbekiston «Ochiq ma’lumotlarni kuzatish» xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, “Open data Inception” ma’lumotiga ko‘ra O‘zbekiston jahon mamlakatlari orasida ochiq ma’lumotlar manbalari soni mavjudligi bo‘yicha jahonda 5-o‘rinni egalladi yoki “Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021 yil uchun yangilangan «Korrupsiyani qabul qilish indeksi»da O‘zbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 mamlakat orasida 140-o‘rinni egalladi.
Prezidentimizning 2021 yilning 16 iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar reyestri tasdiqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga ochiqlik sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, ochiq ma’lumotlar ro‘yxatini kengaytirib borish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat xizmatchilarida xalq oldida hisobdorlik madaniyatini singdirish kabi muhim vazifalar yuklatildi.
Agentlik tuzilmasida yangi Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi.
Natijada mahalliy OAV, xususan, yetakchi internet nashrlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlangan ma’lumotlar asosida qariyb 140 xabar va jurnalistik surishtiruv e’lon qilindi.
Agentlik tomonidan farmon bilan tasdiqlangan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni o‘z vaqtida belgilangan resurslarda joylashtirib borilishi ustidan doimiy monitoring o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Masalan, joriy yilning yanvar-fevral oyi davomida agentlik tomonidan 135 vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yoki xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari kabi qator hisobotlarni o‘zlarining rasmiy veb-sayti va Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirishi holati o‘rganildi.
Monitoring va tahlillar natijalari bo‘yicha aniqlangan qonun buzilishlarni bartaraf qilish bo‘yicha vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlariga agentlik tomonidan 26 taqdimnoma hamda 35 ogohlantirish xati kiritildi.
«O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 215-7-moddasi bilan to‘ldirilib, ochiqlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 10 baravarigacha jarima jazosini qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Yana bir muhim masala shundaki, Prezident qaroriga muvofiq, agentlik huzurida Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.
Endilikda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlashga oid materiallarni tayyorlash, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarini hamda bu borada o‘tkaziladigan tadqiqotlarini moliyalashtirish va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha ochiqlik sohasi qo‘llab-quvvatlanadi.
Jamg‘arma orqali fuqarolarga korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi «1253» qisqa raqamli “Call-markaz» faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari,agentlik tomonidan yil yakunlariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi (reytingi)ni shakllantirish va e’lon qilib borishi rejalashtirilgan.
Eng asosiysi, indeks u yoki bu davlat organi va tashkilotining ochiqlik darajasini jamoatchilik uchun yaqqol ko‘rsatish imkonini beradi.
Agentlik mazkur sohadagi ishlar samaradorligini oshirish orqali O‘zbekistoning xalqaro reyting va indekslardagi pozitsiyasini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Tahlillar natijasi bo‘yicha mamlakatning mazkur xalqaro indeksdagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, 2022 yildan boshlab “Open Data Inventory”, “Huquq ustuvorligi indeksi”, «Ochiq ma’lumotlar global indeksi» va «Ochiq ma’lumotlar barometri» reytinglaridagi ko‘rsatkichlarni yaxshilash va yangilash bo‘yicha ham ishlarni yanada jadallashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA