Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Korrupsiyadan xoli Yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik!” shiori ostida uchrashuv o‘tkazildi
17:09 / 2025-12-09

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 29 iyul kuni maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimotda berilgan topshiriqlar bayoni ijrosi yuzasidan Nazorat rejasining 17-bandida prokuratura organlari xodimlari tomonidan korrupsiyaviy holatlar sodir etilishining oldini olishda tizimli yondashish, bunda korrupsiya va boshqa turdagi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kundalik faoliyatga aylantirish, “Korrupsiyadan xoli Yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik!” shiori ostida tushuntirish va ogohlantirish choralarini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatilgan.

Shu munosabat bilan Nukus shahridagi Yoshlar markazida Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, uning hududiy bo‘limlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlar va ularning ota-onalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari V.Yerniyazova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i B.Matmuratovning ta’kidlaganidek, bugungi kunda, byuro organlari tizimiga qabul qilinayotgan yoshlar salmog‘i ham kundan-kunga ortib borayotganligini hisobga olgan holda Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlar va ularning ota-onalari bilan yaqindan tanishish, yoshlar va ota-onalar o‘rtasida uchrashuv tashkil etish zaruratini keltirib chiqardi. Ushbu uchrashuvni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad  yoshlarimizning turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish hamda korrupsiya kabi illatlarga qarshi kurashishda murosasiz munosabatni shakllantirishdir.

Albatta, bularga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri —  yoshlarimizni sezgirlikka chorlashga qaratilgan targ‘ibot ishlarini keng ko‘lamda olib borishdir.

Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining Shaxsiy xavfsizlik sektori tomonidan Byuro organlari xodimlari o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan korrupsiyaga aloqador xodimlarni fosh etishga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.  

“Korrupsiya —  milliy ma’naviy xavfsizlikka tahdid” mavzusida ijtimoiy roliklar tayyorlanib, mahalliy va notijorat telekanallar orqali efirga uzatildi. Shu mazmunda bannerlar ishlab chiqilib, ular byuroning shahar va tuman bo‘limlarining keng jamoatchilikka ko‘rinadigan joylariga o‘rnatildi.

Byuro organlari xodimlari tomonidan 2025 yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida jami 181 ta targ‘ibot tadbiri o‘tkazilganligi qayd etildi. Xodimlar o‘rtasida korrupsiya holatlarini aniqlash, ularning oldini olish maqsadida anonim so‘rovlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Uchrashuv yakunida xodimlarning ota-onalaridan farzandlarining ish va ishdan tashqari vaqtlarida nimalar bilan shug‘ullanayotganliklari, ularning yurish-turishi hamda yomon illatlardan o‘zlarini saqlashlarini nazorat qilib borish so‘raldi. O‘z navbatida uchrashuvda ishtirok etgan ota-onalar ham bu ishlar bo‘yicha o‘zlarining fikr va takliflarini bildirishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri