Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya: targ‘ibotga yo‘naltirilgan loyiha
19:00 / 2025-10-07

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida chop etilayotgan “Mingbuloq” gazetasi o‘zining 70 yillik tarixi va o‘ziga xos an’analariga asosan tuman ahlining kundalik axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Buni tahririyat Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy muhofaza va sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va sanitar-gigiyenik holatni yaxshilash, ta’lim, madaniyat va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda e’lon qilingan davlat granti tanlovi g‘oliblari qatoridan o‘rin olganligi ham tasdiqlaydi. 

Navbatdagi grant uchinchisi bo‘lib, shunga qadar “Ajdodlar jasorati – avlodlarga meros”, “Sog‘lom turmush tarzi – baxtli yashamoq farzi” nomli loyihalar bo‘yicha ham g‘olib chiqib, ular muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Hozirda, uch ming nusxadan ziyod chop etayotgan “Mingbuloq” nashriga galdagi tanlovning 60 million so‘m mablag‘i ajratildi. Ana shu hisobidan tumandagi faol nuroniy va yoshlar vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari faollaridan 432 nafari tuman gazetasiga bepul obuna qilindi. 

“Korrupsiya – taraqqiyotga tahdid, umrga zavol” mavzusida qatnashgan tahririyat yangi loyihani tuman hokimi, xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Ahrorbek Mansurovning tuman noiblari, tashkilot, muassasalar hamda jamoat tashkilotlarining rahbarlari va butun tuman aholisiga “Mingbuloqni korrupsiyasiz tumanga aylantiraylik!” shiori ostidagi murojaatnomasini gazetada chop etish, ko‘p miqdordagi ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari orqali keng yoritish bilan boshlagani e’tiborga molik. 

Gazeta sahifalarida turli janrlardagi rang-barang materiallar tizimli ravishda yoritib borilmoqda. Parlament quyi palatasi deputati Zafarjon Xudoyberdiyev, viloyat Kengashi deputati Ulug‘bek Musayev, tuman Kengashi deputati Solijon Xo‘jamovning maqolalari jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Tahririyatning telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Yangicha Mingbuloq” kanalida ham bu mavzuga katta o‘rin ajratilmoqda. 

– O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikdagi ijodiy ishlar tanlovini o‘tkazishdan maqsad ham gazetxonlarga korrupsiya haqida ko‘proq ma’lumot berish, umumxalq harakatiga aylangan poraxo‘rlikka qarshi nafrat uyg‘otish va unga qarshi kurashda barcha mingbuloqliklarni faol qatnashishga undashdan iborat edi, – deydi “Mingbuloq” gazetasi muharriri Qosimjon Akbarov. – Tanlovga yangicha yondashildi. Tahririyat bilan uzviy hamkorlikda faoliyat yuritayotgan 12 nafar mingbuloqlik iqtidorli faol qalamkash saralab olinib, ularning mavzuni to‘laqonli aks ettirgan asarlari gazetada yoritildi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nosirjon Dehqonov boshchiligidagi jurnalist va shoirlardan iborat nufuzli hakamlar ijodkorlarning “Korrupsiya – taraqqiyotga tahdid, umrga zavol” mavzusidagi maqola, hikoya va she’rlarini atroflicha o‘rganib chiqqan holda o‘rinlarni belgiladi. 

“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Hamidullo Nurmatov nasr, O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi Komiljon Mamatov nazm yo‘nalishida bosh mukofotga loyiq topildi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Abdunazar Burxonov esa nasr, Jamila Dilxush nazm yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar va ishtirokchilarga grant mablag‘laridan ajratilgan esdalik sovg‘alari hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi va “Mingbuloq” gazetasi tahririyatining sertifikatlari topshirildi. Bu e’tiroflar g‘oliblarni kelgusida ham korrupsiyaning oldini olish borasidagi targ‘ibot tadbirlarida yangi-yangi ijodiy ishlari bilan yanada faol qatnashishga ruhlantirdi. 

“Mingbuloq” gazetasi tahririyati amalga oshirayotgan loyihadan ko‘zlangan maqsad katta. Zotan, umummilliy harakat samaradorligi ta’minlanishi pirovardida, Mingbuloq korrupsiyasiz tumanga aylanishi lozim. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.