French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya – taraqqiyotga tahdid
10:59 / 2025-06-12

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida “Korrupsiya taraqqiyotga tahdid” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi ishtiroki, jamiyatda qonuniylik va adolatni ta’minlashdagi o‘rni hamda mas’uliyati masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari, huquqshunoslar, OAV xodimlari va jamoat ishlaridagi faollar ishtirok etishdi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan NNT larning aholi o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi o‘rni, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi imkoniyatlari, davlat organlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, huquqiy maslahat kunlarini tashkil etish, korrupsiyaga qarshi targ‘ibotni maktab va oliy ta’lim muassasalarida kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari orqali ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yuzasidan qator amaliy taklif va tashabbuslar bildirildi.

Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Sherdor Rasulov bu borada quyidagilarni ta’kidladi:

– Korrupsiya faqat iqtisodiyotga emas, jamiyatning ma’naviy poydevoriga ham putur yetkazadi. Uni yengish uchun qonun ustuvorligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiqlikni ta’minlash va fuqarolik jamiyatining faol ishtirokini kengaytirish zarur. NNTlar bu jarayonda samarali vositachi sifatida ishonchli muloqot platformasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadbir yakunida fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashda aholi faolligini rag‘batlantirish, jamoatchilik va davlat idoralari o‘rtasida tizimli hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

Ma’lumki, korrupsiya har qanday jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan xavfli illat hisoblanadi. U nafaqat iqtisodiy barqarorlikni izdan chiqaradi, balki jamiyatda adolat, ishonch va qonuniylikka ham putur yetkazadi. Shu bois, unga qarshi kurash faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyat, xususan, fuqarolik jamiyati institutlarining ustuvor vazifasidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri