Demokratiya va qonun ustuvorligi hukm surgan jamiyatimizda taraqqiyotimizga g‘ov bo‘layotgan ayrim holatlar uchrab turishi nihoyatda achinarli hol.
Ulardan biri ma’naviy jihatdan qashshoq amaldor yoki biror kasb egasining nafsi bilan bog‘liq poraxo‘rlikdir. Korrupsiya halol faoliyatga soya soladi, taraqqiyotning yo‘liga g‘ov bo‘ladi.
“Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunda jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik ma’lumotlariga doir to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi, korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida xabar bergan fuqarolar himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Mamlakatimizda iqtisodiyotimiz yanada jadal sur’atlar bilan rivojlanishini, ezgu niyat va maqsadlar bilan yashayotgan xalqimiz turmushi farovonligi ta’minlanishini, barcha sohada ulkan yutuqlarga erishishimizni istagan har bir yurtdoshimiz jamiyatdagi bu manfur illatning ildizini quritishda daxldor mas’ul idoralarning vakillariga madad berishda faollik namunasini ko‘rsatishi kerak.
Korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda ezgu maqsad yo‘lida birlashishimiz va hammaslak bo‘lishimizni davr taqozo etmoqda. Davlat idoralarida o‘ziga ishonib topshirilgan lavozim kursisiga nomunosib amaldorlar o‘zining qabuliga katta umid va ishonch bilan borgan fuqaroning muammosini xolisona ijobiy hal qilib berishdan oldin pastkashlik bilan unga tamagirlik qilsa, pora evaziga o‘zining vijdonini sotsa, avvalo bu harakati burchiga va muassasani tabarruk joy deb bilgan oddiygina insonga nisbatan xiyonatdir.

Mansab mavqeini suiiste’mol qilgan nobakor rahbar fuqarolar qarshisida hokimiyatdagi boshqaruv obro‘siga putur yetkazadi, odamlarning sog‘lom ongida davlat idorasi haqida noto‘g‘ri tasavvurni paydo qildiradi, huquqiy, iqtisodiy yo‘nalishda tanazzul vujudga kelishining oldini olishga xalaqit beradi.
Jamiyatimizda salbiy korrupsion holatlarni bartaraf etishda barchamiz ijtimoiy hodisalarga befarq bo‘lmay, ogohlik va hushyorlik bilan oqilona yondashib, qonun himoyachilari va jamoatchilik bilan hamkorlikda munosib hissamizni qo‘shmog‘imiz darkor.
Boshqarmamiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilinmoqda, shuningdek tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan videoroliklar tayyorlanib muntazam ravishda xodimlarga namoyish etilayotir.
Xodimlarimizning xizmatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish, ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan har qanday qonunbuzilishi holatlarni oldini olish, xodimlar o‘rtasida sog‘lom ishchanlik muhitini shakllantirish maqsadida, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida yuzlab xodimlarning oila-a’zolari bilan uchrashuvlar tashkil etdik. Shuningdek, boshqarma xodimlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini monitoring qilish yo‘nalishida har chorakda anonim so‘rovnomalar o‘tkazib kelinmoqda.
Bundan tashqari, boshqarmaning kengaytirilgan yig‘ilishlarida barcha xodimlar o‘z xizmat vazifalarini halol, vijdonan, yuqori professional darajada va vakolatlaridan chetga chiqmagan holda bajarishi, har qanday vaziyatda bojxona xodimi sha’ni va qadr-qimmatini saqlashi, odob-ahloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi, kamtar, xushmuomalada bo‘lishi uqtirib kelinmoqda.
Har qanday fuqaro Davlat bojxona xizmati organlarining xizmat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday masala yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasining “11-08” qisqa va Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining (67) 225-48-67 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurash – faqat bojxona yoki huquq-tartibot idoralari xodimlarininggina emas, balki har bir fuqaroning burchi bo‘lmog‘i lozim. Zero shundagina jamiyatimiz taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan illatdan xoli bo‘lamiz. Korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishda boshqarmamizning ahil jamoasi bor kuch-g‘ayratini ishga solishiga imonim komil. Zero bu kurashda Siz - aziz vatandoshlar bizga, biz sizlarga kamarbasta bo‘laylik. Yangilanayotgan – Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga o‘rin yo‘q.
Anvar KARABAEV,
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati rahbari, podpolkovnik