Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
14:11 / 2025-12-12

Halollik va shaffoflik bank tizimining asosiy tamoyillaridan hisoblanadi. Ayniqsa, butun dunyoda 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni keng nishonlanayotgan bir paytda, mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

"O‘zmilliybank" AJ ham bu boradagi ishlarni tizimli asosda tashkil etib, joriy yilning 5 mart kuni davlatimiz rahbari raisligida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatida bir qator muhim tadbirlarni o‘tkazdi.

"O‘zmilliybank" AJ Samarqand viloyat Bosh boshqarmasiga qarashli Urgut, Pastdarg‘om va Jomboy bank xizmatlari markazlarida "Korrupsiya taraqqiyot kushandasi" tamoyili asosida "Ochiq eshiklar" davra suhbatlari tashkil etildi. Tadbirlarning asosiy maqsadi – tizimda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, bank xodimlarining mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish holatlariga qat’iy chek qo‘yishdan iborat bo‘ldi. 

Uch markazdagi tadbirlarda "O‘zmilliybank" AJ Korrupsiyani oldini olish boshqarmasi, Korrupsiyani oldini olishni muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Sh.Z.Ziyatov faol ishtirok etib, bank tizimidagi shaffoflik standartlari va mas’uliyat me’yorlari xususida batafsil ma’lumot berdi. 

Urgut bank xizmatlari markazida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sudi sudiyasi Sh.A.Muhammatqulova va Urgut tuman IIB katta inspektori mayor D.Abduahatovich ishtirokida huquqiy va profilaktik nuqtai nazardan chuqur tahlil qilindi. 

Pastdarg‘om bank xizmatlari markazida esa, tuman prokuraturasi vakillari – o‘rinbosar R.Raxmonov hamda katta yordamchi S.Nazarov ishtirokida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy chora-tadbirlarni kuchaytirish mavzusiga e’tibor qaratildi. 

Jomboy bank xizmatlari markazida tuman prokuraturasining katta yordamchisi F.A.Mirzayev va tuman IIB profilaktika inspektori katta leytenant Z.K.Ergashev ishtirokida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha profilaktik ishlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Barcha davra suhbatlarida bank xodimlari tomonidan tizimda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, 5 mart videoselektorida berilgan topshiriqlar ijrosining ahvoli hamda korrupsiyaga qarshi kurashishdagi shaxsiy mas’uliyat masalalari atroflicha muhokama qilindi.

"O‘zmilliybank" AJ Samarqand viloyat Bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu "Ochiq eshiklar" tadbirlari bank tizimida halollik va oshkoralik madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim qadam bo‘ldi. Tadbirlar nafaqat xodimlarning huquqiy ongini oshirishga, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan. Zero, korrupsiyaga qarshi samarali kurash – butun jamiyatning, shu jumladan, har bir bank xodimining mas’uliyati bo‘lib, faqatgina murosasiz munosabat va qat’iy chora-tadbirlar bilangina korrupsiyaga chek qo‘yish va mamlakat taraqqiyotini ta’minlash mumkin.

Kamola Yusupova, O‘zA