Urganch tuman hokimligida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Xorazm viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, qishloq va suv xo‘jaligi tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi, ularning oldini olish haqida so‘z yuritdi. Korrupsiya jamiyatni yemiruvchi illat ekanligi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlanishga, demokratiya asoslariga va qonun ustuvorligiga to‘sqinlik qilishi, jinoiy oqibatlari aniq misollar bilan tushuntirildi.
Qayd etish kerak 2024 yilda suv xo‘jaligi sohasida 2023 yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar kamaygan. Biroq umuman yo‘qolmagan. O‘tgan yili viloyatimizda ushbu holat bilan bog‘liq to‘rta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
[gallery-23548]
-- Korrupsiya har qanday jamiyat, har qanday soha rivojiga to‘siq bo‘ladigan illat hisoblanib, unga qo‘l urgan shaxs qonunlarni turli yo‘llar bilan aylanib o‘tish orqali o‘z manfaatlarini ko‘zlab ish tutadi,-- deydi Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farruh Otajonov.-- Afsuski, o‘tgan yili bizning tizimimizda ham to‘rtta holatda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan va bu jinoyatni sodir etgan mansabdorlar javobgarlikka tortilgan. Ayni damda bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida boshqarmamizning rasmiy saytida murojaatlar bo‘limini yaratganmiz. Shuningdek, ishonch telefonlarimiz ham ishlab turibdi.
Tadbirda xalqaro jamoatchilikning korrupsiyaga qarshi faoliyati, O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, qonunda belgilangan javobgarlik turlari to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish yakunida suv xo‘jaligida korrupsiyaga o‘rin yo‘q ekanligi, uni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish zarurligi qat’iy ta’kidlandi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari