Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
19:54 / 2021-12-02

Korrupsiya demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi. Inson huquqlarining buzilishiga olib keladi. Islohotlarga to‘sqinlik qilib jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Xalqning adolatga bo‘lgan ishonchini susaytiradi. Ushbu illat mamlakat ham millat ham tanlamaydi.

Shu bois, unga jahon miqyosida qarshi kurash olib boriladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003 yil 21 noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004 yildan boshlab “9 dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlanishi ham bejiz emas.

Sana munosabati bilan “UZINSURANCE” kompaniyasi Boshqaruvida “Korrupsiya rivojlanishimizga to‘siq” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Boshqaruv xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda OAVlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda korrupsiya xavfining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, korrupsiyaning oldini olish bilan bog‘liq qonunchilik bazasini mustahkamlashga qaratilgan Byudjet kodeksi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”, “Elektron hukumat to‘g‘risida” va “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimizda “korrupsiya” so‘zi ishlatilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat mavjud.

Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017 yil yanvarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi esa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.

Bu albatta, so‘nggi yillarda ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va qat’iy kurash olib borish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganidan dalolatdir. Chunonchi, Davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutahassislar jalb qilingan, jamiyatimizning barcha a’zolarini “halollik vaksinasi” bilan emlagan holda korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga qaratilgan tashabbusni ilgari surdi. 

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat va jamiyat faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish standartlari va mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish agentlik missiyasi sifatida belgilandi.

Davra suhbati davomida “UZINSURANCE” kompaniyasi tizimida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat ya’ni, kompleans nazorat departamenti faoliyat yuritayotgani, uning maqsadi, vazifalari, huquq va majburiyatlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

“UZINSURANCE” Axborot xizmati