Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
18:47 / 2021-12-02

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari hamda konsullik muassasalari vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura Akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi mas’ul xodimlari ma’ruzalari tinglandi.

Notiqlar mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiya holatining oldini olish yuzasidan olib borilayotgan ishlar jamiyat taraqqiyotini yangi, yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

- bugungi muloqot korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan, - deydi TIV Shartnoma-huquq boshqarmasi xodimi Murodilla Rixsiboyev. 

- Ta’kidlash joiz, joriy yil 22 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq, endilikda barcha normativ-huquqiy hujjatlar huquqiy bazasini ekspertizadan o‘tkazish va bu jarayonga keng jamoatchilik, xususan, ilmiy tashkilotlar, mustaqil ekspertlarni jalb etishga oid takliflar ma’qullandi.

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 2003 yil 21 noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 9 dekabr 2004 yildan boshlab Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlab kelinadi. Shu munosabat bilan respublikamizda Aksilkorrupsiya haftaligi boshlandi.

Bu sana arafasida BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid konvensiyasini ratifikatsiya qilgan barcha davlatlarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan turli tadbirlar, aksiyalar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston 2008 yil ushbu konvensiyaga qo‘shilgan va shundan buyon hukumatimiz ayni yo‘nalishda zarur choralarni amalga oshirib kelmoqda.

- Vazirligimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va ushbu sohadagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya tuzilgan, - dedi tashqi ishlar vazirining uchinchi kotibi Behzod Qodirov. - Ushbu guruh tomonidan doimiy ravishda tizimda korrupsiyaga oid muammolarning yuzaga kelishini o‘rganish, xususan, korrupsiyaga qarshi amaliy tadbirlar ishlab chiqish, vazirlik tizimida korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillarni tahlil etish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Muloqot davomida korrupsiya holatining har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat bildirish uchun ushbu ijtimoiy illatga qarshi kurashishning xalqaro standartga asoslangan ilg‘or tizimi joriy etilayotgani ta’kidlandi. Xususan, milliy qonunchilik hujjatlari tobora takomillashtirilib, davlat idora va tashkilotlari faoliyatida oshkoralik, shaffoflikni ta’minlash orqali samarali, ta’sirchan jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilayotgani haqida so‘z yuritildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashda faqat jinoiy-huquqiy vositalar orqali ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Buning uchun nafaqat davlat idoralari balki, hamma birgalikda harakat qilishi, ayovsiz kurash olib borishi zarur. Ayni jarayonda aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabat shakllantirish lozim.

- E’tibor berish kerak-ki, korrupsion jinoyatlar boshqa qonunbuzarliklardan bir qator jihatlari bilan farqlanadi, - deydi Bosh prokuratura Akademiyasi o‘qituvchi-maslahatchisi Bahodir Ismoilov. 

- Birinchidan bunday jinoyatlarni maxsus sub’ekt, boshqacha aytganda mansabdor shaxs sodir etishi mumkin. 

Ikkinchidan, bu lotent, ya’ni aniqlanishi qiyin bo‘lgan jinoyat hisoblanadi. Negaki, masalan pora bilan bog‘liq ishda, odatda, porani beruvchi ham, oluvchi ham va jinoyat ishida vositachilik qilgan shaxs ham aksariyat holatlarda voqeani yashirishga urinadi. Uchinchidan korrupsiyaviy jinoyatlar guruh tarkibida ham amalga oshirilishi mumkin.

Davra suhbati chog‘ida korrupsiyaga oid huquqbuzarlikni erta aniqlash, bu illatni yuzaga keltiruvchi omillar, mazkur salbiy holatning oqibati xususida atroflicha fikr almashildi.

Tadbirda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA