Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligida “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash” kuniga bag‘ishlab e’lon qilingan Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda hozirgi zamon milliy va xalqaro huquqda eng ko‘p qo‘llanilayotgan atamalardan biri korrupsiya ildizini qurutish, bugungi kunda ushbu illatga qarshi kurashish va bu boradagi dolzarb masalalar xususida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonuni qabul qilindi. Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari korrupsiya holatlariga qarshi jiddiy islohotlar boshlanganligidan dalolatdir. Bu borada vazirlik tizimida yuqoridagi qonun, farmon va qarorlarning ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash” kuniga bag‘ishlangan Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida ham tegishli choralar ko‘rilmoqda.
– Ushbu o‘n kunlik davomida vazirlik tizimidagi barcha hududiy boshqarmalar va tarkibiy tuzilmalarda davra suhbatlari, seminar va uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda, – dedi FVV mas’ul xodimi Samandar Hikmatullayev. – Darhaqiqat, korrupsiya – bu har bir shaxs, har bir oila va yakunda davlatimiz rivojlanishiga to‘siqdir. Korrupsiya – bu shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki ma’naviy buzilish holatidir. Shunday ekan, mazkur illatga qarshi kurash olib borishga nafaqat davlat organlari, balki jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA