Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi dasturi ijrosi doirasida soliq xizmati organlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xatarlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali professor-o‘qituvchi hamda talabalari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Dastlab tadbir ishtirokchilari viloyat davlat soliq boshqarmasi faoliyati, tizim xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
So‘ngra boshqarmaning yetakchi mutaxassislari talaba-yoshlar bilan suhbatlashib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi dasturi doirasida soliq tizimida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, bu yurtimiz iqtisodiy salohiyati va aholining turmush farovonligini yuksaltirish, fuqarolar bandligini ta’minlash, byudjet taqchilligining oldini olish, kambag‘allikni qisqartirish, korrupsiyani bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidlashdi.
Talaba-yoshlar hamda jurnalistlar bilan soliq tizimida korrupsiyaning oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan tashkil etilgan ochiq muloqot qizg‘in bahslarga boy o‘tdi.
Bundan tashqari, soliqchi kasbi, uning mashaqqat va mas’uliyatlari, soliq xodimi bo‘lish uchun Vatanni sevish, fidoyilik zarurligi, fanlarni chuqur o‘zlashtirish va iqtisodiy bilimlarini oshirish lozimligi ham alohida ta’kidlandi.
Mazkur tadbir talaba-yoshlarning davlatimizning soliq siyosati, soliq tizimi haqidagi tushunchalari, soha faoliyatiga oid bilimini boyitishga yordam berishi va qolaversa, ularning kelgusida mazkur yo‘nalishda ishlashga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.
Tadbir davomida ishtirokchilarning barcha savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari