Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya profilaktikasiga bag‘ishlangan ochiq muloqot
11:25 / 2025-11-21

Navoiy shahridagi “NKMK tarixi” muzeyida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ishchi-xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimi Mironshoh Rasulov, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens-nazorat) bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Sag‘dullayev, Navoiy ixtisoslashtirilgan prokurori Nurbek Tilavov, “NKMK” AJ Komplayens xizmati boshlig‘i Rustam Avezov so‘zga chiqib, yurtimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashishda belgilanayotgan chora-tadbirlar va ularning samarasi, uni keltirib chiqaradigan omillar hamda salbiy oqibati haqida batafsil ma’lumotlar berdi.  

Ta’kidlanganidek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2024 yil yakunlari bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishlar samaradorligi reyting baholash natijalariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari orasida “NKMK” AJ 96 ball bilan 1-o‘rinni egallab, bu salbiy illatga qarshi kurashish bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etdi.

– 2024 yilda “NKMK” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tashkil etilgan boshqaruv tizimi va mexanizmlar “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi “CERT International” tashkiloti tomonidan tashqi auditdan o‘tkazilib, xalqaro standart sertifikatini qo‘lga kiritgan edi, – deydi “NKMK” AJ Komplayens xizmati boshlig‘i Rustam Avezov. – Joriy yilning 28-29 iyul kunlari ushbu tashkilot tomonidan xalqaro standartning talablari bajarilishi yuzasidan birinchi kuzatuv auditi o‘tkazildi. Audit natijalariga ko‘ra, kombinat faoliyatining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi yana bir bor xalqaro standart talablariga muvofiq, deb baholandi va tashkilotga berilgan mazkur sertifikat bir yil davomida amalda bo‘lishi tasdiqlandi.

Yaqinda “NKMK” AJ Birlashgan Millatlar Tashkilotining barqaror rivojlanish sohasidagi eng yirik xalqaro tashabbusi – Global kelishuviga qo‘shildi. BMTning Global kelishuvi inson huquqlari, mehnat munosabatlari, atrof-muhitni muhofaza qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha universal tamoyillarga amal qiladigan kompaniyalarni birlashtiradi. Kombinat BMTning Global kelishuviga qo‘shilganligi kompaniyaning o‘z faoliyatiga mazkur kelishuvning 10 ta tamoyiliga rioya qilishi, korporativ boshqaruvni takomillashtirishi, shaffoflikni oshirishi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini integratsiya qilishga intilishini aks ettiradi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi targ‘ibot bukletlari tarqatildi hamda maxsus video rolik namoyish etildi.

Yakunda OAV vakillari va jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri