Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan tizimda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda viloyatdagi sudlar sudyalari, xodimlari hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi. Tadbirda viloyat sudi raisi Abduqayum Mahkamov ishtirok etib, sud tizimi xodimlari jamiyatda adolat va qonun ustuvorligining ifodasi ekanini ta’kidlab, ularning har bir so‘zi va amaliyoti xalq ishonchiga, davlat obro‘siga va fuqarolar taqdiriga bevosita ta’sir qilishini qayd etdi.


– Sudya va sud xodimlarining halolligi, pokligi va adolatli faoliyati bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda, – dedi A.Mahkamov. – Halollik faqat ishda emas, balki shaxsiy hayotda ham ustuvor qadriyat bo‘lishi lozim.


Tadbirda oilaviy muhitning inson tarbiyasidagi ahamiyati haqida ham so‘z bordi. Zero, oila – vijdon va axloq asoslari shakllanadigan dastlabki tarbiya maktabi hisoblanadi. Shu bois tadbirga sudyalar va sud xodimlarining oila a’zolari ham taklif etildi.

So‘zga chiqqan sud tizimi vakillarining ota-onalari farzandlarining halol va mas’uliyatli mehnat faoliyatidan faxrlanishini ta’kidlab, ularning nafaqat ishda, balki oilada ham qonunga sadoqat va poklik namunasi ekanligini e’tirof etdi.

Tadbir yakunida har bir sudya va sud xodimi hamda ularning yaqinlari korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘lda halollik, vijdon pokligi va adolat hissini inson qalbida mustahkamlash har bir fuqaroning burchi ekani qayd etildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA