Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Har bir tashkilot va idoralarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilayotir. Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi muhokama markazida bo‘ldi.
Tadbirda xodimlarga korrupsiyaning salbiy oqibatlari tushuntirdi. Korrupsiya mansabdor shaxs tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan, shuningdek, bu bilan bog‘liq rasmiy nufuz maqomidan, imkoniyatlar va aloqalaridan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishi tushuniladi.
– Oddiy til bilan aytganda, har qanday pora olish, berish va unda vositachilik qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolatidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, mansab vakolatidan foydalanib talon-toroj qilishning barchasi korrupsion jinoyatlarni tashkil qiladi, – deydi Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi bosh yuriskonsulti J.Ro‘zmatov. – Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari xizmatchilari, shu jumladan, qishloq xo‘jalik sohasi vakillari tomonidan poraxo‘rlik, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi davlatning va tizimning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetkazib, xalqimizning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi pasayishiga olib keladi.
Shu boisdan, bu illatga qarshi kurashish dolzarb bo‘layotir. Bugungi tadbirdan ko‘zlangan maqsad xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik shu bilan birga, har qanday shakldagi va darajadagi korrupsiyaviy faoliyat bo‘yicha yagona tushunchani hosil qilish, shunday faoliyatga aralashib qolish bilan bog‘liq xavf-xatarlarning oldini olishdan iborat.
Tadbirda har bir xodim o‘z vazifasiga vijdonan yondashgan holda faoliyat yuritishi hamda vazifasini suiiste’mol qilmasligi uqtirildi. Korrupsiya nafaqat har bir tizimni, balki uni sodir qilgan insonning oilasini ham yemirishi mumkinligi ta’kidlandi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA