O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida soha prorektorlari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Eshmatovning ma’lumotlari tinglandi.

Ta’kidlash joizki, 2018 yil 16 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, O‘zbekiston islom akademiyasi negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.
– 2025 yil 21 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi, — dedi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Zokirjon Ro‘ziyev. — O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mamlakatimizda islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan nufuzli tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Akademiyamiz professor-o‘qituvchilari oldiga islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish, vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish kabi vazifalar yuklandi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 3 ta fakultet, 10 ta kafedra mavjud. Ilmiy salohiyat 2023 yilda 71,2 foiz, 2024 yilda 79,6 foiz bo‘lgan. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 82,2 foizni tashkil qilib, shundan 161 ta (fan doktorlari 27 nafar, fan nomzodlari (PhD) 105 nafar, ilmiy darajasiz 29 nafar) asosiy va ichki o‘rindosh professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayoniga jalb qilingan.
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi 40 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini izchil amalga oshirib kelmoqda.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.

N.Usmonova, O‘zA