Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya – jamiyat hayoti va taraqqiyotiga tahdid
12:05 / 2023-12-25

Bugungi kunda korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotining xavfsizligiga, siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazib, insonning farovon yashashi va erkinliklari cheklanishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari mazmun-mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi.

Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir. Shu nuqtayi nazardan, davlat xizmatchilari korrupsiya faoliyatining sub’ektlari hisoblanadi. Chunki o‘zaro manfaatlarga asoslangan munosabatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan qarorlar qabul qilish yoki harakatlar sodir etish uchun hokimiyat vakolatiga faqat ular ega bo‘ladi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari yiliga 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil etmoqda ekan. Mazkur illat global yalpi ichki mahsulotning 5 foizdan ortig‘ini tashkil etsa, har yili global miqyosda korrupsiya tufayli davlat xaridlari fondlarining 25 foizgacha qismi yo‘qotiladi. O‘zbekistonda 2020-2023 yillar davomida aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan 101 ta jinoyat ishi, 196 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Shu o‘rinda eng muhim ma’lumotlardan biri sifatida O‘zbekiston korrupsiya bilan bog‘liq xalqaro indeksdagi reytingini yaxshiladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”da 180 davlat orasida 31 ball bilan 126-o‘rinni egalladi. Mamlakat ballari 3 taga oshib, o‘rni 14 pog‘onaga yaxshilanganini ko‘rsatadi (2021 yilda 140-o‘rin).  

Yaqinda poytaxtimiz mezbonligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirishning rasmiy marosimi o‘tkazilgani ham yuqoridagi raqamlarda aks ettirilgan ijobiy o‘zgarishlarning ifodasidir. Mazkur marosimda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev muhim tashabbuslarni ilgari surib, “korrupsiyaga qarshi kurashish har bir vijdonli insonning, har bir demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir”, deb ta’kidladi. O‘z navbatida, milliy va xorijiy ekspertlarning ta’kidlashicha, bunday salmoqli tadbirning O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazilishi mamlakatimiz rahbarining bu boradagi amalga oshirayotgan ishlarining samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayotganidan dalolatdir.  

Ammo shunday ijobiy o‘zgarishlar sharoitida ayrim nopok amaldorlarning davlatimiz rahbariga kamarbasta bo‘lish o‘rniga aksincha, korrupsiya botqog‘iga botib, jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘lib, umri davlat va jamiyatning buguni hamda kelajagiga xiyonat qilish, yosh avlod ongini zaharlash bilan o‘tayotgani keng jamoatchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bu esa davlat xizmatchilariga nisbatan xalqning ishonchi pasayishi, yuqori turuvchi organlarning imidji tushishi kabi salbiy holatlarni yuzaga keltirmoqda.  

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bugungi kunda Yangi O‘zbekistonning zamonaviy rahbari qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak, ularni lavozimga tayinlashda qaysi mezonlar ustuvorlik qilishi lozim? Qolaversa, tegishli sohalar rivojiga hissa qo‘shishiga umid bildirishda, kechiktirib bo‘lmas qanday mexanizmlarni qo‘llash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu illatga qarshi kurashishda Prezidentimizning tashabbuslari, harakatlari va shijoatlariga hamohang faoliyat yuritishni asosiy burchi deb bilgan – toza vijdonli, oriyatli ziyolilarning qalb amriga aylanmog‘i lozim.    

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi yangicha yondashuvlarga boy samarali islohotlar nafaqat milliy, balki xalqaro darajada ham e’tirof etilmoqda. Jahon hamjamiyatining e’tibor markazidagi muammolar qatoridan joy olish bilan birga, unga qarshi muvaffaqiyatli kurashish mexanizmlarini ishlab chiqish, murosasiz qat’iy choralarni belgilash, eng muhimi, bu boradagi islohotlar ortga qaytmas tus olgan tizimning barqarorligini ta’minlash muhim ahamiyatga egadir.  

Umuman olganda, korrupsiya hodisasi bu shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki ma’naviy buzilish holatidir. Shunday ekan, o‘ylaymizki, mazkur illatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki jamiyat, umuman barcha fuqarolar mas’uldirlar.  

 

S.Haydarov, siyosatshunos.