Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya – islohotlarga xiyonat
11:19 / 2026-01-30

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu galgi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz” deya alohida ta’kidladi.

Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining ayni masalaga bo‘lgan e’tibori bugungi yangilik emas. So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Binobarin, Toshkent shahar sudlari tomonidan ham manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash, bartaraf etish hamda ularning oldini olish, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirishga jiddiy e’tiborga qaratilayotir. Ya’ni tizimda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha "inson-jamiyat-davlat" tamoyilini ro‘yobga chiqarish maqsad qilingan.

Prezidentimiz 2025 yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida sudlar faoliyatiga har qanday aralashish bu – odil sudlovga soya solish, deb baholanishini qayd etgani bejiz emas. Negaki, sudlar faoliyatiga har qanday aralashish korrupsiyaga yo‘l ochishi mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi va sud xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishdagi faoliyati davomida hak (pora) taklif qilinganligi to‘g‘risida xabar berish hamda uni ko‘rib chiqish tartibi belgilangan. Mazkur tartibga rioya qilgan sudya va sud apparati xodimlari munosib rag‘batlantirilmoqda.

Bundan tashqari, Oliy sudning rasmiy veb-saytida korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun mo‘ljallangan aloqa kanallari to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirilgan. Qolaversa, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat guruhiga onlayn xabar yuborish uchun maxsus platforma ishga tushirilgan.  

Sudya avvalo, o‘z xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarishi, sud hokimiyatining nufuzini tushiradigan va sudyaning obro‘siga putur yetkazadigan yoki uning xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi shart. Eng muhimi, sudya o‘zining daxlsizlik huquqini imtiyoz deb emas, balki jamiyat oldidagi ulkan mas’uliyati deb tushunishi kerak. Aksincha, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun aybdor shaxslarga hukm chiqaradigan sudyaning o‘zi shunday jinoyatlarga qo‘l urushi kechirilmas holatdir. Zero, korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan har bir shaxs ongli ravishda o‘z Vatani, oilasi, yaqinlari, qolaversa, fuqarolik va insoniy burchiga xiyonat qiladi.

Albatta, sudya korrupsiyaga oid jinoyat va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini e’tiborga olib, qat’iyatlik bilan jazo muqarrarligini ta’minlashi shart. Eng asosiysi, sudya korrupsiyaning ildizi bo‘lmish ortiqcha hashamat va dabdabaga barham berishi, halollik bilan ro‘zg‘or tebratishi hamda o‘zining kamtarona turmush tarzi bilan barchaga namuna bo‘lishi zarur. Shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlar, davlat xaridlari, yer munosabatlari va boshqa ishlar bo‘yicha chiqariladigan xususiy ajrimlarning ta’sirchanligini oshirish ham muhim.  

Nafaqat poytaxt sudlarida, balki butun sud tizimida korrupsiyaning oldini olish maqsadida alohida e’tibor qaratilayotgan yana bir vazifa – raqamlashtirishni jadallashtirish orqali sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish, ishlarni yuritishning qog‘oz shaklidan to‘liq voz kechib, inson omilini keskin kamaytirishdir. Bu o‘z navbatida, zimmamizga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklashi hamda tizimda olib borilayotgan islohotlar kun tartibini yangi mazmun bilan boyitishi hech kimga sir emas.

Davlatimiz rahbarining "Sudyaning ongida adolat, tilida haqiqat, dilida poklik hukmron bo‘lishi kerak", degan gaplari barchamiz uchun hayotiy dasturulamal bo‘lmoqda. Buni unutmagan sudyaning irodasini hech qanday omil va ta’sir bukolmaydi.  

Dilnoza Holiqnazarova,

jinoyat ishlari bo‘yicha  

Mirzo Ulug‘bek tuman sudining sudyasi.