French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya illat, unga qarshi barcha kurashmog‘i kerak
15:15 / 2025-10-08

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi majlislar zalida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘linmasi tomonidan “Yuksalish” harakati viloyati hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda “Korrupsiyaga qarshi jamoaviy immunitet: fuqarolik jamiyatining roli va vazifalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan islohotlar va ularning samaradorligi, korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni haqida so‘z yuritildi.

– Korrupsiyaga qarshi kurash bu davlat boshqaruvi tizimini shaffof, adolatli va samarali qilish uchun zarur bo‘lgan tartib va chora-tadbirlar yig‘indisidir. Uning asosiy maqsadi esa korrupsiyaning sabablari va oqibatlarini bartaraf etish, jamiyatda qonuniylik hamda adolat muhitini mustahkamlashdan iborat, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘linmasi rahbari Abdulla Ro‘ziqulov. – Fuqarolik jamiyati korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlarining faoliyatini kuzatib borish, noqonuniy holatlarni aniqlash va oshkor qilishda muhim omil hisoblanadi. Bu mexanizm davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlaydi.

Yurtimizda korrupsiya holatlariga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash, ilmiy jihatdan tadqiq etish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani bu boradagi muhim tashabbuslardan biridir. Prezident qarorida bu yo‘nalishga alohida urg‘u berilishi davlat va jamiyatning birgalikda harakat qilishi, korrupsiyaning faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki keng jamoatchilik ishtirokida oldini olishga xizmat qiladi. 

– Endilikda milliy va xalqaro grantlar hisobidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yirik tadqiqotlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi “Yuksalish” harakati viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Alijon Jalilov. – Grantlar orqali moliyalashtirilgan tadqiqotlar mustaqil va xolis natijalarni olishga yordam beradi, zamonaviy metodologiya hamda xalqaro tajriba olib kiriladi. Har yili NNTlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha loyihalari uchun 10 milliard so‘m miqdorida grantlar ajratilib boriladi. Tanlov mezonlari esa loyihaning amaliy ahamiyati, innovatsion yondashuvi va jamoatchilik ishtirokini ta’minlash darajasiga qarab baholanadi.

Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlari bilan birgalikda fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyati muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlanib, fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va aholi o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish uchun hamkorlikda harakat qilishga kelishib olindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri