Bugungi kunda jahon hamjamiyati shunga amin bo‘lmoqdaki, korrupsiya illati, odam savdosi, terrorizm, giyohvandlik vositalari savdosi, qurol- yarog‘ savdosi kabi xalqaro jinoyatlar bilan bevosita bog‘liq. Umuman olganda, korrupsiya ularni moliyaviy qo‘llab- quvvatlayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan qaraganda, bu huquqni himoya qilish organlarining faoliyatiga jiddiy putur yetkazadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish ko‘p hollarda unga sabab bo‘luvchi omillarni, holatlarni aniqlashdan va ularni bartaraf etishdan, shuningdek, unga qarshi kompleks kurashishdan iborat bo‘ladi.

Korrupsiyaga yo‘l ochadigan omillar sirasiga hokimiyat organlari tizimining murakkabligi, buyruqbozlik taomillarining ko‘pligi, davlat hokimiyati organlari apparatining faoliyati ustidan tashqi va ichki nazoratning yo‘qligi kabi holatlarni kiritish mumkin. Tashkiliy tushunmovchiliklarni fuqarolarning korrupsion xulq-atvorini rag‘batlantirishdan farqlash ba’zan juda qiyin kechadi. Taqiqlar, ruxsat berish tartiblari sonining haddan tashqari ko‘pligi, davlat hokimiyati organlari faoliyatiga jalb qilingan fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish mexanizmining yo‘qligi ham korrupsiyaga yo‘l ochadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rildi.
“O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ayni yo‘nalishda muhim ahamiyatga egadir.
Antik jamiyatlar tarixining ilk bosqichlarida (qadimgi yunon shahar-davlatlari, respublika Rimi) korrupsiya deyarli bo‘lmagan. Bu hodisa antik davr tanazzulga yuz tutgan bosqichdagina vujudga kelgan. Bu davrda korrupsiya domiga ilingan davlat amaldorlari haqida “U boy viloyatga kambag‘al bo‘lib kelib, kambag‘al viloyatdan boy bo‘lib ketdi”, deyishgan. Ayni shu davrda Rim huquqida «corrumpere» degan maxsus atama paydo bo‘lgan, u – buzish, – pora evaziga og‘dirish iboralarining sinonimi hisoblangan va mansab mavqeini suiiste’mol qilishning har qanday ko‘rinishlarini ifodalashga xizmat qilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan yana biri – aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdir. Bunda yosh avlodning ta’lim va tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ular ongiga halollik va poklik xislatlarini singdirish, korrupsiya illatlarining salbiy oqibatlari haqida aniq tushuntirishlar berish, bir so‘z bilan aytganda, ularning huquqiy bilimlarga ega bo‘lishini ta’minlash o‘ta muhim vazifalardandir.
Korrupsiya nafaqat bir davlatda, balki yer yuzidagi barcha davlatlarning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan illatdir. Bu illatga qarshi kurashish dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Chunki korrupsiya davlatning konstitutsiyaviy asoslarini yemiruvchi, demokratik institutlar va qonun ustuvorligini zaiflantiruvchi, ijtimoiy hayot barqarorligiga tahdid soluvchi xavfli hodisadir.
BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasi muqaddima hamda 8 ta bob, 71 ta moddadan iborat bo‘lib, 1-bobda (1–4) umumiy qoidalar, 2-bobda (5–14) korrupsiyaning oldini olish choralari, 3-bobda (15–42) jinoyatchilik va huquqni muhofaza qilish faoliyati, 4-bobda (43–50) xalqaro hamkorlik, 5-bobda (51–59) aktivlarni qaytarish bo‘yicha choralar, 6-bobda (60–62) texnik yordam va ma’lumot almashinuvi, 7-bobda (63–64) amalga oshirish mexanizmlari, 8-bobda yakuniy qoidalar aks etgan.
O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga bir nechta bildirishlar, bayonotlar va shartlar bilan qo‘shilgan.
Konvensiyaning 6-moddasi 3-bandidagi har bir ishtirokchi davlat BMTning Bosh kotibiga korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda boshqa ishtirokchi davlatlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan organ yoki organlarning nomi va manzilini xabar qiladi, degan talablariga to‘la javob beradi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, korrupsiyaning oldini olmasdan turib, barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashning samaradorligi aholining huquqiy savodxonligi, ma’naviyati, axloq-odobi va demokratiya prinsiplariga qanchalik amal qilishi bilan uzviy bog‘liqdir.
Sevara Eshmurodova,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markaz xodimi