9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni
Jamiyatda korrupsiya bor ekan, rivojlanish, taraqqiyot bo‘lmaydi. Shu bois, mamlakatimizda bu illatga qarshi murosasiz kurashilmoqda. Afsuski, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, hamon korrupsiya chuqur ildiz otgan sohalar ham bor. Unga qarshi nafaqat davlat, balki jamiyat, har bir fuqaro kurashmog‘i darkor. Shundagina, ta’lim, tibbiyot singari eng muhim sohalar korrupsiyasiz sohaga aylanishi mumkin.
“9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan Antikorrupsion haftalik doirasidagi tadbirlardan ko‘zlangan maqsad ham ana shu.
Sog‘liqni saqlash vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda haftalik doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Tadbirda vazirlik tizimida korrupsiyaga oid qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bartaraf etish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tashkil qilinib, uning asosiy vazifalari sifatida vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha “komplayens-nazorat” (compliance control) tizimini joriy etish va uni takomillashtirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsion xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.
Shuningdek, masofadan monitoring qilish orqali shubhali vaziyatlar avval tahlil qilinib, aniqlangan holatlar natijalariga ko‘ra mutaxassislarni ob’ektlarga yo‘naltirish yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda vazirlik faoliyatida asosiy e’tibor moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlariga qaratilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimidagi faoliyat jarayonlari ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning samarali ishlatilishini nazorat qilish, tizimdagi korrupsion xavf-xatarlar, moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish yuzasidan ishlar davom ettirilishi qayd etildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA