9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni
Bugun davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi milliy model yaratilmoqda. Bu boradagi islohotlarning aniq natija va samaralari ko‘zga tashlanmoqda. Shu tufayli elimizda davlat siyosatiga bo‘lgan ishonch, taraqqiyot maqsadlariga ergashish yo‘lida immunitet shaklanmoqda.
Joriy yilda davlat rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida “Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiyadir. Buni dunyo tajribasi ham to‘liq tasdiqlaydi. Korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani bu global xavf ekanidan dalolat”, deya ta’kidlagan edi.
Bu boradagi islohotlarning aniq natija va samaralariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hududlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha barcha soha va tarmoqlarni qamrab oluvchi “Yo‘l xaritalari” tasdiqlandi. Davlat organlari va tashkilotlarida 11 487 ta manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanib, bartaraf etildi, ayni yo‘nalishda bo‘yicha 85 ming nafardan ortiq davlat xizmatchilari o‘qitildi, huquqiy eksperiment sifatida Sog‘liqni saqlash, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi vazirliklari hamda “O‘zbekneftgaz” va “O‘zsuvta’minot” AJlarning ichki nazorat tuzilmalari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga o‘tkazildi, Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha Mintaqaviy tadqiqot markazi tashkil etildi.
Bu borada shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish mavzularida 3 milliard 761 million so‘mlik grantlar e’lon qilindi, 1 iyulga qadar 800 nafarga yaqin rahbar korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi bo‘yicha testdan o‘tkazildi.
Yana bir muhim jihat esa BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasining 11-yig‘ilishida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda korrupsiyaga qarshi siyosatda tashabbuskor davlat sifatida e’tirof etildi. Konferensiyaning asosiy maqsadi – mintaqa mamlakatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish, hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash hamda yangi tashabbuslarni ilgari surish hisoblanadi.
Mintaqada korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarini eng jadal tarzda amalga oshirayotgan mamlakat sifatida O‘zbekiston delegatsiyasining taqdimot va tashabbuslari alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Bundan tashqari, ochiqlik bo‘yicha Open Data reytingida O‘zbekiston 138 pog‘onaga ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda birinchi, jahonda 11-o‘rinni egalladi. Bu kabi yutuqlar zamirida mamlakatimizda korrupsiya illatiga qarshi shakllanayotgan qarashlar va kurashlarni ko‘rish mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda “Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy ekotizimini kuchaytirish” texnik ko‘mak dasturi hududlarda ham joriy etila boshlandi. Dastur doirasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Buxoro viloyati Vobkent tumani va Jizzax shahrida “Shaffof shaharlar” va “Halol munitsipalitetlar” pilot loyihalari amalga oshirilishi natijasida hududiy boshqaruvdagi 61 turdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanib, chuqur tahlil qilindi va har bir hudud uchun 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.
Ayni jarayonda O‘zbekiston rasman Osiyo va Tinch okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusi (ACI) a’zoligiga qabul qilindi. Yuqorida berilgan yana o‘sha savolga qaytamiz: xalq farovonligini ta’minlovchi amal nima? Shu o‘rinda maqsadli islohotlarning eng avvali ham korrupsiya yo‘liga qo‘yiladigan tuzoq bilan boshlanadi, deb aytishimizga sabablar ma’lum. Boisi bu illat – tanlamas millat. Demak u soha ham tanlamaydi. Unga qarshi kurashish esa birinchi navbatda inson ongida shakllansagina, o‘sha fuqaro ayni jamiyatda daxldorlik hissi bilan yashayotganidan dalolatdir.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA