Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya bor jamiyat rivojlanmaydi
10:27 / 2021-06-16

Dunyoda rivojlanish va taraqqiyot yo‘lini tanlagan har bir davlat, eng avvalo, korrupsiya, ta’magirlik, poraxo‘rlik kabi salbiy illatlarga qarshi murosasiz kurash olib boradi.

Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasida ayni shu mavzuda davra suhbati o‘tkazildi.

Unda huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari, viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.  

Ta’kidlanganidek, korrupsiya so‘ziga shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi sifatida ta’rif berilgan. Demak, o‘z-o‘zidan ayonki, davlat xizmatchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi davlat hokimiyatining obro‘sizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga, natijada amaldagi hokimiyatga nisbatan norozilikka sabab bo‘ladi. Boshqacha aytganda, muayyan davlatda korrupsiyaning rivojlanishi o‘sha davlatning iqtisodiy-ma’naviy tanazzuliga olib keladi.  

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan. Ushbu qonun illatga qarshi kurashning huquqiy mexanizmi yaratilgan, davlat va jamiyat taqdiri, xalq kelajagiga, qolaversa, har bir fuqaroga daxldor bo‘lgan muhim hujjatdir.

Shuni aytish kerakki, 2017 yildan boshlab yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashning sifat jihatdan yangi, jinoyatlarning oldini olish, ularning sabablari va sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlab, bartaraf etishga asoslangan bosqichi boshlandi.

Ushbu Qonunning 26-moddasiga muvofiq, davlat organlari xodimlari ularni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga ko‘ndirish maqsadida biror-bir shaxs o‘zlariga murojaat etganligiga oid barcha hollar to‘g‘risida, shuningdek, davlat organlarining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan shunga o‘xshash huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan har qanday faktlari haqida o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etishi shart. Ushbu majburiyatning davlat organlari xodimlari tomonidan bajarilmasligi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

– Soliq tizimida ham ushbu illatga qarshi kurashish doimiy e’tiborda. Bu borada tizimda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Alisher Qodirov. – Soliq tizimida korrupsiyani oldini olish borasida muntazam ravishda profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda. Soliq idorasi xodimlari va soliq to‘lovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kirishiladigan sohalar bosqichma-bosqich elektron ko‘rinishga o‘tkazilmoqda. So‘nggi ikki yil ichida soliq idorasi xodimlarining oylik maoshlari keskin oshirildi. Shuningdek, soliq idorasi xodimi tomonidan byudjetga qo‘shimcha manba aniqlanadigan bo‘lsa, uning oylik maoshiga ustamalar belgilandi. O‘ylaymanki, bugungi tadbirimiz ham bu borada amalga oshirayotgan ishlarimizning ijobiy samarasiga xizmat qiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda yana bir muhim jihat, bu aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish davr talabidir. Zero, huquqiy ong va huquqiy madaniyati yetuk bo‘lgan fuqarolar korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydi.

O‘lmas Barotov, O‘zA